Avvalroq prezident “Silk Avia” kompaniyasi ustav kapitalidagi “Uzbekistan Airports"ning 100% ulushini “Uzbekistan Airways” tarkibidagi “Uzbekistan Helicopters” ustav kapitaliga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilgandi.

“Verona” Yevroosiyo iqtisodiy forumi doirasida Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Silk Avia"ning milliy aviatashuvchi tarkibiga o‘tkazilishi haqida “Spot"ga izoh berdi.

“Avvaldan „Uzbekistan Airports“ aviatsiya bilan shug‘ullanmasligi kerak edi. Biz buni aytganmiz, barcha ekspertlar buni ta’kidlashdi, ogohlantirishdi”, — dedi u.

Choriyevning qayd etishicha, “Silk Avia” boshidanoq muammolarga duch kelgan, chunki ishlab chiqaruvchilar yoki lizing beruvchilarni jalb qilish va ular bilan ishlashishning an’anaviy usullari aviakompaniyalarga qaratilgan.

“Birinchidan, „Uzbekistan Airports“ aviakompaniya emas. Yangi aviakompaniya paydo bo‘lganda, uning reputatsiyasi, tarixi, moliyaviy ma’lumotlari bo‘lmaydi, shuning uchun ham aviakompaniyaning ochilishi va samolyotlarni tezda qabul qilishiga umid beruvchi so‘zlar bir afsona, ertakdir”, — deydi vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, Jasurbek Choriyev sodir bo‘lishi mumkin bo‘lmagan faktlarga ochiq ko‘z bilan qarash kerakligini ta’kidlab, “shuning uchun biz hukumat tomoni bilan bu jarayonni tezlashtirish uchun „Silk Avia“ kompaniyasiga yordam berishga majbur bo‘ldik”, deya xulosa qildi.

Vazir o‘rinbosari “Silk Avia"ni xususiylashtirish masalasi ochiqligicha qolayotganini ham ta’kidladi. Biroq transport vazirligi tegishli arizalar kelib tushgan taqdirda mintaqaviy aviakompaniyani sotish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor.


“Silk Avia” kompaniyasi 2021-yilning sentabr oyida ro‘yxatga olingan. 2022-yilning aprelida prezident mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan mazkur aviakompaniyani tashkil etilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Oktabr oyiga kelib esa kompaniya 10ta samolyot xarid qilishi ma’lum bo‘ldi. Dekabrda birinchi samolyoti texnik qabuldan o‘tdi.

Aviakompaniya joriy yilning 25-aprelidan O‘zbekiston shaharlariga muntazam qatnovlarni boshladi. 1-iyundan yangi mahalliy yo‘nalishlarga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.

Avgustda yo‘lovchilar sonining kamligi sabab Nukusga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Shu oyda aviakompaniya Issiqko‘lga birinchi xalqaro reysni amalga oshira boshladi. Oktabrdan Samarqanddan Qozog‘istonning Turkiston shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.