Rossiyaning “Ural Airlines” aviakompaniyasi davlatdan samolyot sotib olish bilan bog‘liq muammolar tufayli aksariyat xorijiy yo‘nalishlarga parvoz qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri.
Aviakompaniyaga Federal havo transporti agentligi tomonidan nazorat qilinadigan Milliy lizing kompaniyasi (NLC) bilan shartnoma tuzish taklif qilingan.
Tashuvchi shartnomani yaqin ikki hafta ichida imzolashi kutilmoqda. Aks holda, u xorijiy yo‘nalishlarni yo‘qotadi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Ta’kidlanganidek, Federal havo transporti agentligi, xususan, “Ural Airlines” aviakompaniyasidan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy, BAA, Tailand va Turkiyaga parvoz qilish uchun ruxsatnomani olib qo‘yishi mumkin.
Ehtimol, bu reyslar oxir-oqibat “Aeroflot"da qolishi mumkin, deydi “Friendly Avia Support” konsalting kompaniyasi bosh direktori Aleksandr Lanetskiy.
Joriy yil fevral oyida “Ural Airlines” Yekaterinburgdan O‘zbekistonning oltita shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yishga ruxsat olgandi.
Aviakompaniya joriy yilning yozida Qarshi, Farg‘ona, Nukus, Navoiy, Urganch hamda Buxoroga qatnovni amalga oshiradi.
Bundan tashqari, Yekaterinburgdan Namangan (yozda 3 tadan 5 tagacha) va Samarqandga (qishda 3 tadan 7 tagacha) reyslar soni oshiriladi. “Ural Airlines” Rossiyaning 13 ta shahridan O‘zbekistonga parvoz qilish uchun ruxsat olgan.
Shu bilan, Yekaterinburgdan tashqari, Krasnodar, Grozniy, Nijniy Novgorod, Nijnevartovsk, Sochi, Qozon, Maxachqal’a, Mineralne Vodi, Chelyabinsk, Jukovskiy, Rostov-na-Donu kabi shaharlardan parvozlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Sankt-Peterburgdan parvozlar soni ham oshirilishi mumkinligi ta’kinlanmoqda.
2022-yilning noyabrida “Ural Airlines” va “IrAero” aviakompaniyalari Surgut, Nijnevartovsk va Tyumendan O‘zbekistonning yettita shahriga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat olgandi.
“Ural Airlines” Nijnevartovskdan Farg‘ona, Buxoro, Urganch, Navoiy, Namanganga qish mavsumi tugagunga qadar, Samarqandga esa yoz mavsumi oxirigacha haftasiga yettitagacha reysni amalga oshirishi qayd etilgandi.