“X” (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘i foydalanilmagan foydalanuvchi nomlarini sotishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Forbes” jamoaning ichki yozishmalariga tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, jarayonni tashkil qilish ustida @HandleTeam nomi bilan tanilgan alohida guruh ishlamoqda.
U ilgari ro‘yxatdan o‘tgan va foydalanilmagan hisob nomlari sotuvga qo‘yiladigan maxsus marketpleysni ishlab chiqmoqda.
Bir nechta potensial xaridorlarga allaqachon marketpleys e’lon qilingan xabarlar yuborilgan. Ularga kim oshdi savdosida qatnashish uchun $50 ming miqdorida belgilangan badal to‘lash taklif etiladi.
2022-yilning noyabr oyida, “Twitter"ni sotib olganidan ko‘p o‘tmay, Ilon Mask “botlar va trollar” egallagan foydalanuvchi nomlarini ozod qilish niyatida ekanligini e’lon qildi.
Dekabr oyida tadbirkor 1,5 mlrdgacha nofaol akkauntlarni o‘chirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. U tvit yozmagan va uzoq vaqt davomida tizimga kirmagan akkauntlarni nazarda tutayotganini aytdi.
Reklama daromadi kamayib borayotgan bir sharoitda “Twitter"ni monetizatsiya qilish Mask uchun ustuvor vazifaga aylandi.
Platforma oddiy foydalanuvchilar uchun yangi xususiyatlar va cheklovlarni joriy etish orqali foydalanuvchilarni “Blue” obunani sotib olishga undaydi.
Bundan tashqari, milliarder “X” barcha foydalanuvchilar uchun pullik qilishni amalga oshirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Oktabr oyida ayrim mamlakatlarda $1lik obunani sinovdan o‘tkazish boshlandi, bu yangi ro‘yxatdan o‘tgan akkauntlarga post yozish huquqini beradi.
Avvalroq “Spot” “X” pullik obunalar uchun narxlarni farqlashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, obunaning arzonroq tarifda reklama yashirilmaydi, qimmat tarifda esa reklama bo‘lmaydi.