Ilon Maskning “xAI” kompaniyasi sun’iy intellektga ega “Grok” chat-botning birinchi modelini chiqardi, deya xabar bermoqda “Financial Times” nashri.
Qayd etilishicha, mazkur chat-bot mashhur “ChatGPT"ga raqobatchi bo‘lish uchun mo‘ljallangan.
Grok — talab bo‘yicha matn yaratish va real vaqtda “X” orqali savollarga javob bera oladigan til modeli.
Ta’kidlanishicha, “Grok” sun’iy intellekt bozoridagi boshqa raqobatchilardan ikkita muhim farqga ega.
Birinchidan, “xAI” chat-boti Mask bir yil avval $44 mlrdga sotib olgan “X” (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi ma’lumotlarga o‘qitiladi. Boshqa modellar esa odatda eski internet arxivlaridan foydalanadi.
Ikkinchidan, ishlab chiquvchilar “Grok"ga ko‘proq shaxsiyat berishgan bo‘lib, u istehzoni yaxshi ko‘radi va foydalanuvchi savollariga hazil bilan munosabatda bo‘ladi.
Chat-bot shuningdek, boshqa raqobatchilar rad etgan dolzarb savollarga javob berishga tayyor.
Ilon Mask tez orada platformada X Premium+ obunasini ulagan barcha foydalanuvchilar ishlata olishini e’lon qildi.
Joriy yil iyul oyida Ilon Mask o‘zining “xAI” sun’iy intellekt kompaniyasi ishga tushirilganini e’lon qildi.
Kompaniya veb-saytiga ko‘ra, uning maqsadi “koinotning asl mohiyatini tushunish”. Boshqa tafsilotlarni jamoa 2023-yil 14-iyul kuni “Twitter"dagi audiotranslyatsiyasi vaqtida baham ko‘rishga va’da berdi.
Qayd etilishicha, Mask kompaniyani boshqaradi, uning tarkibiga “DeepMind” (Alphabetga tegishli), “OpenAI”, “Google Research”, “Microsoft Research”, “Twitter” va “Tesla” kompaniyalari vakillari kiradi — masalan, “DeepMind"ning sobiq xodimi Igor Babushkin.