Toshkentda “Yashil Energy” davlat kompaniyasining dispetcherlik markazi ish boshladi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Kompaniya tomonidan bugungi kunga qadar 333 ta ijtimoiy soha obyekti va davlat idoralarida umumiy quvvati 18,8 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari foydalanishga topshirildi.

Mazkur o‘rnatilgan quyosh panellari orqali hozirgi kungacha 4 mln 531 ming kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning natijasida tarmoqdan olinadigan shu miqdordagi elektr energiyasi tejalishiga erishildi.

Foydalanishga topshirilgan quyosh fotoelektr stansiyalarining ish rejimlarini doimiy nazorat qilish, yuzaga kelgan nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish, kunlik (soatlik) ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bo‘yicha tahlillarni olib borish maqsadida Xitoyning “Huawei” kompaniyasi bilan birgalikda “Dispetcherlik markazi” tashkil etildi.

Asosiy vazifalardan biri — kompaniya tomonidan obyektlarda ishga tushirilgan dispetcherlik nazorati tizimidagi quyosh fotoelektr stansiyalarining ishlash prinsipini muvofiqlashtirish, ular orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining hisobini yuritish va har bir obyekt kesimida ma’lumotlarni shakllantirish hamda elektr energiyasining uzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni tezda bartaraf etishdan iboratdir.

Dasturlar orqali kompaniyaga tegishli bo‘lgan Respublikaning istalgan nuqtasidagi obyektda o‘rnatilgan quyosh fotoelektr stansiyasining yillik, choraklik, oylik, kunlik, hattoki soatlik ishlab chiqargan elektr energiyasi miqdorini hamda shu fotoelektr stansiyasida o‘rnatilgan barcha qurilmalarning parametrlarini ko‘rib borish mumkin.

Dastur orqali biron-bir qurilmada yuzaga kelgan nosozlik shu yerdan turib aniqlanadi hamda kompaniyaning tegishli xodimiga yuzaga kelgan holat bo‘yicha aniq ma’lumot berish imkoniyati yaratildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish dasturini amalga oshirish uchun fevral oyida “Yashil Energiya” tashkil etilgan.

Dastur doirasida davlat idoralari va ijtimoiy muassasalar binolariga 220 MVt quvvatga ega panellar o‘rnatish taklif etildi. Iyun oyida “Yashil Energiya” kompaniyasi Xitoyning “Tongwei Solar” kompaniyasi bilan fotovoltaik panellarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi.


Avvalroq “Spot” “O‘zbekgidroenergo” va “Xitoy” kompaniyasi o‘rtasida $1 mlrdlik shartnoma imzolangani haqida yozgandi.

Kelishuv Bo‘stonliqda quvvati 600 MVt bo‘lgan gidro to‘plash elektr stansiyasi qurilishini o‘z ichiga oladi.