Agrar sohadagi OTM qoshidagi akademik litseylarning bitiruvchilari mazkur OTMlarga test sinovlarisiz qabul qilinishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu bo‘yicha qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, agrar sohadagi OTMlar qoshidagi akademik litseylarning barcha fanlar bo‘yicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilarini ushbu OTMlarga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari o‘qishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.
Bitiruvchilar har yili 20-iyundan kechikmasdan maxsus komissiyaga tavsiyanoma berishni so‘rab ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- fanlarni o‘zlashtirganlik to‘g‘risida akademik ma’lumotnoma;
- bitiruvchining chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (agar mavjud bo‘lsa);
- bitiruvchining shaxsiy yutuqlari, akademik litsey ijtimoiy hayotidagi faol ishtirokini tasdiqlovchi hujjatlar.
Maxsus komissiyaning qarori asosida akademik litsey direktori tomonidan bitiruvchiga tavsiyanoma beriladi.
Abituriyentlardan bakalavr darajasi uchun arizalar 25-iyundan 5-iyulgacha OTMlar rasmiy saytining qabul platformasi orqali onlayn qabul qilinadi. Arizaga diplom va ilovasi elektron shaklda yuklanadi.
Abituriyentlar uchun suhbat quyidagilar bo‘yicha o‘tkaziladi:
- akademik litsey dasturlari doirasida ta’lim yo‘nalishida chuqurlashgan fanlar bo‘yicha bilim saviyasi va o‘zlashtirish darajasi;
- agrar sohani tanlashda motivatsiyasi (qiziqishi va ko‘nikmalari mavjudligini ko‘rsatish);
- mustaqil fikrlay olish, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘z fikrini ifoda etish va tanqidiy fikrlash salohiyatiga ega ekanligi;
- umumiy dunyoqarashining shakllanganligi, o‘z ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatini aniqlash.
Suhbat natijalari 100 ballik tizimda ballar qo‘yish yo‘li bilan baholanadi. Maksimal ball 25 ballni tashkil etadi. Suhbat natijalari reyting tizimi bo‘yicha abituriyentga qo‘yilgan (0dan 100gacha oraliqdagi) ballar asosida aniqlanadi.
Uning natijalari OTM rasmiy veb-saytida suhbat o‘tkazilgandan so‘ng, keyingi ish kunida e’lon qilinadi.
Abituriyentlar o‘qishga quyidagi hollarda qabul qilinmaydi:
- jadval bo‘yicha suhbatga kelmaganda (0 ball qo‘yiladi);
- ichki talabni buzgan abituriyent suhbatdan chetlashtirilganda;
- suhbatda belgilangan maksimal ballning 56%i va undan kam ball to‘planganda.
Akademik litsey tomonidan berilgan tavsiyanoma ikki yil davomida amal qiladi. OTMlarga qabul qilingan talabalar to‘lov-kontrakti asosida o‘qiydi.
Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 22-noyabrigacha qabul qilinadi.
Avvalroq kollej va texnikumlarning 5ta sohasi bo‘yicha xotin-qizlarga grant berilishi ma’lum qilingandi. Bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinib, qurilish, grantlar transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida ajratilishi belgilangan.