Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasi “Sheremetevo” aeroportidan Moskva-Urganch yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlarni tiklamoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” nashri xabar berdi.
Parvozlar joriy yilning 15-dekabridan boshlanib, haftasiga to‘rt kun — dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Aviaqatnov quyidagi jadval asosida harakatlanadi:
- Moskvadan uchib ketish — 14:00, Urganchga yetib borish — 19:55;
- Urganchdan uchib ketish — 21:15, Moskvaga yetib borish — 23:25.
“Qishki mavsumiy jadvalda aviakompaniya Moskva-Urganch-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga to‘rtta reysni rejalashtirgan”, — deyiladi xabarda.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha chiptalar sotuvi allaqachon boshlangan bo‘lib, nashr qilingan vaqtda bagaj bilan bir tomonlama chipta narxi 19,8 ming rubldan ($215), qaytish chiptasi esa 14,9 ming rubldan ($161,3) boshlanadi.
Ayni paytda aviatashuvchi “Sheremetevo” aeroportidan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg‘onaga muntazam reyslarni amalga oshiradi. Urganch “Aeroflot” Moskvadan uchadigan beshinchi shahri bo‘ladi, deyiladi xabarda.
“Aeroflot” — Rossiyaning davlat-xususiy aviakompaniyasi bo‘lib, 1992-yilda tashkil etilgan. “Sheremetevo” va “Krasnoyarsk” aeroportidan ichki va xalqaro reyslarni amalga oshiradi.
2022-yilning mayidan boshlab aviakompaniya Moskva-Toshkent-Moskva yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ygandi. Dekabrdan Sankt-Peterburgdan Toshkent va Samarqandga muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni boshlashi ma’lum qilindi.
Avvalroq Rossiyaning 9ta aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlar uchun kurashayotgani hamda “Aeroflot” mamlakat shaharlariga qo‘shimcha reyslarning katta qismini qabul qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.