Avvalroq “Humo” bankomatlarida pul yechib olish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, “Mikrokreditbank” yuzaga kelgan muammo bo‘yicha to‘lov tizimi aholiga murojaat bilan chiqqani haqida xabar berdi.

Milliy banklararo protsessing markazi ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVda tarqalgan “HUMO bankomatlari naqd pul bermayapti” mazmunidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda MBPM matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

“Humo” to‘lov tizimi banklar bilan bankomatlardan naqd pul yechish amaliyotlarini doimiy monitoring qilib borishini ta’kidlamoqda.

Uning natijasida ayrim bankomatlarda naqd pul bermaslik holatlari kuzatilgani sabab, bu holatni bartaraf etish uchun bankomatlar rejali profilaktika maqsadida vaqtinchalik o‘chirib turilishi mumkin.

Profilaktika sabab o‘chirilishi rejalashtirilgan bankomatlar mamlakat bo‘yicha o‘rnatilgan “Humo” bankomatlari jami sonining 30%idan oshmasligi to‘g‘risida tijorat banklariga ma’lumot berilgan.

Ishchi holatdagi, ya’ni yoqilgan bankomatlar orqali kartalardan naqd pul yechish amaliyoti odatiy tarzda amalga oshirilmoqda.

Iyul oyida “Humo” va “Uzcard” to‘lov tashkilotlarining integratsiyalashuvi yakunlanib, barcha tijorat banklarining bankomatlari ikkala to‘lov tizimining ham kartalarini qabul qilishni boshladi.

To‘lov tizimi buning natijasida aholi foydalanishi mumkin bo‘lgan bankomatlar soni 2 barobarga oshganini ham qayd etdi.

Oktabr oyi boshida “Humo” kartalaridan to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda cheklovlar yuzaga keldi.

Undan keyin, 17-oktabr kuni to‘lov tizimi terminallarida to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatilayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kunning o‘zida “Humo” tizimi terminallaridagi nosozliklar bartaraf etildi.