Hukumat qarori bilan chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmaganlarni O‘zbekistonga taklif qilish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, davlat xizmati ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga bevosita murojaat etish yoki Yagona portal orqali vakolatli organ tomonidan ko‘rsatiladi.
Buning uchun ariza beruvchi o‘z xohishiga ko‘ra doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar, istalgan vakolatli organga o‘zi kelib yoki portal orqali murojaat etadi.
So‘rovnoma to‘ldirilib, tegishli hujjatlar ilova qilinadi. Vakolatli organ tomonidan so‘rovnomaga kiritilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi 2 ish kuni ichida tekshiriladi.
Ariza beruvchi davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun BHMning 5%i (16,5 ming so‘m) miqdorida davlat boji to‘laydi.
So‘rovnomasi qaytarilgan ariza beruvchi tegishli kamchiliklarni bartaraf etgandan so‘ng vakolatli organga 5 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda qayta murojaat qilishi mumkin. Buning uchun qo‘shimcha yig‘im undirilmaydi.
Ma’lumotlar tekshirilgach, so‘rovnoma DXX hududiy boshqarmasiga (maxsus vakolatli organ) yuboriladi. Maxsus vakolatli organ 7 ish kuni ichida chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmaganlarning O‘zbekistonga taklif qilinishi maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida fikrini bildiradi.
Shunga ko‘ra, vakolatli organ tomonidan 1 ish kunida QR-kod (martik shtrixli kod) qo‘yilgan taklifnoma rasmiylashtiriladi hamda ariza beruvchiga taqdim etiladi.
Taklifnoma berilgan kunidan boshlab 3 oy amal qiladi.
Joriy yilning yanvar oyida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlarni ro‘yxatga olishning tartibini soddalashtirish bo‘yicha qarorga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilgandi.
Unda xorijliklarga doimiy yashash ruxsatnomasini beruvchi elektron tizim yaratilishi qayd etilgan.