O‘zbekiston quyosh panellari importini 20 barobarga oshirdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning o‘n oyi davomida mamlakatga xorijdan jami 3 mln 855 ming 225ta quyosh panellari olib kelingan.
Xususan, 21ta mamlakatdan yetkazilgan quyosh panellarining umumiy qiymati $427,1 mingni tashkil etadi.
Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 barobarga oshgan. 2022-yilning 10 oyida jami 184,83 mingta quyosh panellari olib kelingandi.
Eng ko‘p quyosh panellari import qilingan mamlakat yetakchiligini Xitoy egalladi. Yanvar-oktabr oylarida mamlakatdan jami 3 mln 791 ming 363ta quyosh paneli olib kelingan.
Undan keyingi o‘rinlarda Gongkong (15 559ta) hamda BAA (15 116ta) turibdi. Shuningdek, o‘tgan davrda Turkiyadan 7505ta hamda Janubiy Koreyadan 6842ta quyosh panellari olib kelingan.
Mamlakatda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi belgilangan.
Aholi va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan elektrni sotish va unga subsidiya olish tartibi tasdiqlangandi. Aholi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr uchun to‘lov 10 ish kunida amalga oshiriladi.