Shu kunlarda internet tarmoqlarda Chevrolet avtomobillari uchun shartnoma tuzish bilan bog‘liq bir nechta xabarlar keng tarqaldi.

“UzAuto Motors” mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Xususan, “Telegram” kanallarida D.K ismli xaridor tomonidan shartnoma tuzilgan avtomobillar ro‘yxati (kamida 10 dona) aks etgan surat ham joylangani shular jumlasidan.

feyk, uzauto motors, xabarlar

“UzAuto Motors” shuni ma’lum qiladiki, joriy yilning 3-noyabr sanasida ushbu suratda ismi keltirilgan fuqaro bilan “Chevrolet” avtomobilini sotib olish bo‘yicha hech qanday shartnoma tuzilmagan.

Bundan tashqari, 3-noyabr kuni shartnomalar Chevrolet Lacetti’ning faqat L-Stile AT Plus modeli uchun mavjud bo‘lgan. Ammo, rasmda bir vaqtning o‘zida Lacetti avtomobillarining kamida 4 ta komplektatsiyasi, shu jumladan, mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan modelini ham ko‘rish mumkin.

Mazkur soxta ma’lumotga qo‘shimcha ravishda, shu kunlarda aholi o‘rtasida avtomobillar shartnomalari tuzish bilan bog‘liq shov-shuvlarni ko‘tarishga urinish holatlari ham kuzatildi.

Bunga misol tariqasida, go‘yoki dilerlik markazi xodimlari yopiq eshiklar ortidan avtomobil sotib olish bo‘yicha 50 ta shartnoma tuzganligi aks etgan videoеasvirlarning keng tarqalganini ham keltirish mumkin.

Kompaniya ta’kidlashicha, Chevrolet avtosalonlari bilan bog‘liq mazkur hodisa bir necha muddat avval sodir etilgan bo‘lib, joriy yilning noyabr oyida ommabop avtomobillar uchun ochilgan shartnomalarga aloqasi yo‘q, buni video tasvirlardagi aholining hozirgi mavsumga mos kiyimda emasligidan bilish mumkin.

“UzAuto Motors” bunday holatlarga juda jiddiy yondashadi hamda kompaniyaga ushbu hodisa to‘g‘risidagi ma’lumot kelib tushishi bilanoq, ushbu dilerlik markazida shartnoma tuzish tizimi darhol uzilgan. Bundan tashqari, ushbu salon rahbariyatiga nisbatan intizomiy va jazo choralari qo‘llanildi.

Shuningdek, “UzAuto Motors” kontraktatsiya boshlangani haqidagi ma’lumotlarni faqat rasmiy kanallarda e’lon qilinishini ma’lum qildi.


Avvalroq “Spot” “UzAuto Motors” “Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” va “Captiva-5” uchun kontraktatsiyani ochgani haqida yozgandi.