“O‘zbekiston temir yo‘llari” 2024-yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi chiptalari narxini oshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Verona” Yevroosiyo iqtisodiy forumida kompaniya raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov “Spot"ga ma’lum qildi.

“Agar indeksatsiya bo‘lgan taqdirda ham bu keyingi yilda bo‘lishi mumkin va [Afrosiyob] tezyurar poyezdlari uchun bo‘ladi. Biz bozorga, energiya narxiga, Shveysariya frankiga bog‘langanmiz. Aslida mazkur indeksatsiyaga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ko‘plab omillar mavjud “, — dedi u.

Rahmetovning qayd etishicha, butun dunyo temir yo‘l kompaniyalari mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan tarif siyosatidan kelib chiqib har yili chiptalar narxini indeksatsiya qiladi.

Shuningdek, u 1-noyabrdan temir yo‘l chiptalari narxi oshirilganiga izoh berib, indeksatsiya “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning yo‘qotishlarini kamaytirishga yordam berganini ta’kidladi.

“Yagona narsa shundaki, biz tarifni oshirdik va bu bugungi kunda bozorda kuzatilayotgan narxlarning kichik indeksatsiyasini qoplashi mumkin. Bu — inflyatsiya, energiya narxining oshirilishi, ehtiyot qismlari va hokazo”, — deya izohladi Rahmetov.

Rais o‘rinbosari kompaniyaning ko‘rilgan zarari juda yuqori bo‘lgani va hozir ham yuqoriligicha qolayotganini ta’kidlab, kichik o‘zgarish tufayli bu yo‘qotish nuqtasi biroz qisqarishi mumkinligini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchi tashishlarida nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida ham yo‘qotishlar kuzatiladi.

Prezident qarori bilan kelasi yildan tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish tariflari bozor narxlarida belgilanadi. Bundan tashqari, temir yo‘l transporti tariflarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinmoqda.

Avvalroq Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l stansiyalari uchun davlat-xususiy sheriklik loyihalari allaqachon tayyorlangani haqida xabar berilgandi.