Markaziy bank 1-noyabr holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $32,9 mlrdga yetdi. Natijada ko‘rsatkich sentabr oyiga nisbatan $1,86 mlrdga oshgan.

Joriy yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari $1,65 mlrdga kamayib, $31,03 mlrdni tashkil etgandi.

Mart oyiga nisbatan oltin-valyuta zaxiralari deyarli $4,4 mlrd kamayib, 2020-yil martidan beri eng past darajaga yetdi.

Respublika oltin zahiralari ham biroz qisqarib, oktabr oyi boshida $23,09 mlrdni tashkil etdi. O‘tgan oyga nisbatan uning qiymati $335 mlnga kamaygan.

Aprel oyida mamlakat oltin-valyuta zaxiralari $230 mln.ga kamaygandi. May oyidagi ko‘rsatkich esa joriy yildagi eng yuqori kamayish qayd etilgan fevral oyidagi natijadan keyingi yuqori ko‘rsatkichdir.

Iyunga kelib esa qimmatbaho zaxiralar hajmi $650 mlnga kamaydi va $33,7 mlrdni tashkil etgan. Iyul oyidagi kamayish esa mamlakat zaxiralarining ketma-ket to‘rtinchi oyda ham qisqarishini qayd etdi.

Avvalroq Markaziy bank xalqaro zaxiralar bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirgandi.

Xalqaro zaxiralar hajmi mamlakat milliy valyutasi, moliya tizimi barqarorligini ta’minlash va xorijiy investorlar ishonchini, pul-kredit siyosatini amalga oshirish va xalqaro operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblar uzluksizligini ta’minlash uchun yetarli darajada shakllantirib borilishi qayd etilgan.

Zaxiralar hajmi 2017-yilga nisbatan $9,3 mlrd yoki 35,3%ga oshgan. Bu 2017−2022 yillar mobaynida xalqaro zaxiralar tarkibidagi monetar oltin hajmining 67 tonnaga ortganligi hamda narxining 2017-yil boshidagi $1 159,1 dan 2022-yil yakuniga $1 812,4 gacha ko‘tarilishi bilan izohlanadi.

Uchinchi chorakda O‘zbekiston oltin sotib olish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi. Markaziy bank Xitoy, Polsha, Turkiya va Hindistondan keyin 7 tonna qimmatbaho metal sotib oldi.