Bepul “IT Recruiting” kursining ikkinchi to‘lqiniga arizalar qabuli boshlandi, deya xabar bermoqda “IT Park” matbuot xizmati.

Kursni Rossiya va Sharqiy Yevropadagi yetakchi xedxanterlardan biri Alyona Vladimirskaya va O‘zbekiston IT hamjamiyati rahbari Shavkat Karimov olib boradilar.

Dastur ishtirokchilari birinchi haftadan boshlab amaliy ishlarga kirisha boshlaydilar, yirik IT-kompaniyalardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirishni va soha mutaxassislari bilan suhbatlar o‘tkazishni o‘rganadilar.

“IT Recruiting” kursining afzalliklari:

  • bepul ta’lim;
  • dam olish kunlari Toshkent shahridagi IT Park ofisida moslashuvchan o‘quv jadvali asosida o‘tkaziladigan onlayn va oflayn darslar;
  • ta’limning birinchi haftasidan boshlab yirik IT-korporatsiyalardagi haqiqiy vakansiyalar ustida ishlash;
  • O‘zbekiston IT-hamjamiyati mutaxassislari bilan amaliy suhbatlar o‘tkazish.

Nomzodlar uchun talablar:

  • ingliz tilini B2 yoki undan yuqori darajada mukammal bilish;
  • samarali muloqot uchun rus tilini mukammal bilish;
  • kurs uchun haftasiga 16 soat vaqt ajrata olish imkoniyati (yakshanba kunlari 4 soatlik mashg‘ulotlar, 6 soatlik onlayn nazariya va 6 soatlik amaliyot);
  • IT sohasida har qanday tajribaga (ta'lim, ish yoki startap tajribasi) ega bo‘lgan va hozirda oyiga $500 dan kam daromad topadigan yoki hech qanday daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ustunlik beriladi.

Nomzodlar o‘zlarining rezyumelari va kursga bo‘lgan qiziqishlari va nima sababdan ushbu kurs ular uchun muhimligini batafsil bayon etuvchi xatni ilova qilgan holda ariza topshirishlari kerak. Shundan so‘ng, ZOOM orqali suhbat o‘tkaziladi va belgilangan tanlov mezonlariga javob beradigan nomzodlar o‘quv dasturiga qabul qilinadi.

O‘qishni tugatgandan so‘ng, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar sertifikat bilan taqdirlanadilar, shuningdek, oyiga $700 dan boshlanadigan maosh bilan ishga joylashishlari mumkin bo‘ladi.

Dastur 19-noyabrda boshlanadi. Unda ishtirok etish uchun hujjatlar 16-noyabrga qadar havola orqali qabul qilinadi.


Avvalroq “Spot” Farg‘onada o‘tkaziladigan “Hack4DigitalVillages” xakatoniga arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.

Tanlovda ishtirok etish bepul bo‘lib, buning uchun 22-noyabrgacha ro‘yxatdan o‘tish kerak.