Joriy yilning 1-oktabridan Toshkent xalqaro aeroporti va “Bobur” ko‘chasini bog‘lovchi ko‘prik yo‘lini ta’mirlash ishlari doirasida ko‘prik yo‘li orqali avtobus va yuk mashinalarining harakati vaqtincha cheklandi. Undan keyin mazkur ko‘chalar orqali harakatlanuvchi avtobus yo‘nalishlarining harakatiga o‘zgartirishlar kiritilgandi.
6-noyabr kuni yo‘l o‘tkazgichning birinchi bosqich qurilish-montaj ishlari yakuni bo‘yicha sinov o‘tkazildi. Unda 35 tonna bo‘lgan 4ta avtotreylerga 40 tonna keluvchi 4ta harbiy tank yuklanib yo‘l o‘tkazgichga umumiy 300 tonna yuklama berildi.
Xalqaro aeroport va “Bobur” ko‘chasini bog‘lovchi mazkur ko‘prik yo‘li foydalanishga topshirilishi sabab 10ta avtobus yo‘nalishi harakati qayta tiklanadi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 10-noyabrdan 11, 40, 45, 47, 61, 67, 76, 77, 94 va 106-sonli avtobus yo‘nalishlari harakati yangi ko‘prik yo‘li orqali o‘z yo‘nalishi bo‘ylab tashkil etiladi.
Toshkent xalqaro aeroporti oldidagi ko‘prikni rekonstruksiya qilish ishlari 2024-yilning dekabrigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Prezident Toshkent aeroportiga olib boruvchi yo‘l rekonstruksiyasi bilan tanishgandi.