Toshkent jamoat transportida ayrim yo‘nalishlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 10-noyabrdan 12, 26, 54, 30, 133, 73 hamda 150-sonli avtobus yo‘nalishlari harakati o‘zgartiriladi. Bunda yo‘nalishlar tarmog‘ini maqbullashtirish, harakat tarkiblaridan samarali foydalanish hamda yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Xususan, 12-sonli “Food city savdo markazi — Boshliq mavzesi” avtobus yo‘nalishining harakati “Food city” savdo markazi bekatidan Qo‘yliq dehqon bozori bekatigacha qisqartirildi. Yo‘nalish nomi esa 12-sonli “Qo‘yliq dehqon bozori — Boshliq mavzesi” avtobus yo‘nalishi deb nomlandi.
26-sonli “Majnuntol mahallasi — Oloy bozori” va 54-sonli “Qo‘yliq 1-mavzesi — Do‘stlik metrosi” avtobus yo‘nalishlari hamda 30-sonli “Olmos mahallasi — Toshkent MUM” yo‘nalishining harakati Ohangaron shox ko‘chasi va Shoximardon ko‘chasi kesishmasida tashkil etilgan yangi chorraha orqali harakatlanadi.
133-sonli “Qipchoq ASHB — Food city savdo markazi” avtobus yo‘nalishining “Food city” savdo markazidan qaytish harakati “Gulzor” mahallasiga kirmagan holda 4P21, “Jaloir” mahallasi, 4P21 yo‘li orqali keying harakati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha o‘zgartirildi.
Shuningdek, 73-sonli “Chorsu metrosi — Chinni bozori” yo‘nalishining Chorsu metrosidan borish harakati “Sakkokiy” va THAY ko‘chalari chorrahasidan keyingi birinchi burilib olish manzili orqali keyingi harakati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha o‘zgartirilgan.
150-sonli “Chilonzor 25-dahasi — Paxtakor metrosi” avtobus yo‘nalishining harakati “Furqat” ko‘chasidan “Sebzor”, “A.Qodiriy”, “Sebzor”, KHAY, “Labzak” ko‘chalari orqali “Malika” fabrikasi bekatigacha uzaytirildi.
Qaytish yo‘nalishi “Labzak”, “Nurafshon”, “Sebzor”, “A.Qodiriy”, “Sebzor” ko‘chalari orqali o‘z yo‘nalishi bo‘ylab tashkil etilib, yo‘nalish nomi 150-sonli “Chilonzor 25-dahasi — Malika fabrikasi” avtobus yo‘nalishi deb nomlandi.
Avvalroq Toshkent aeroportiga olib boruvchi 10ta avtobus harakati qayta tiklanishi haqida xabar berilgandi. 10-noyabrdan 11, 40, 45, 47, 61, 67, 76, 77, 94 va 106-sonli avtobus yo‘nalishlari yangi ko‘prik yo‘li orqali harakatlanishni davom ettiradi.