Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni Qatarning sobiq bosh vaziri, mamlakatdagi yirik investitsiya va sanoat xoldinglari asoschisi Hamad bin Jassim Ol Soniyni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, tomonlar Buxoro shahrida mehmonxona majmuasi, Toshkent shahrida yirik logistika markazi, savdo va turar-joy majmuasini qurish, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil va temir yo‘llar infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha muzokara olib bordi.

Shuningdek, aeroportlarni modernizatsiya qilish, energetika, metallurgiya, to‘qimachilik sanoati, chorvachilik, qurilish materiallarini ishlab chiqarish va boshqa loyihalar muhokama qilindi.

Ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma fond tashkil etish rejalari ham muhokama qilindi. Loyihalar qo‘shma “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladi.

O‘tgan oyda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolangandi.

Iyun oyida Qatar fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi. Oktabr oyida esa Qatar O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi.