8-noyabrdan boshlab Toshkent−Xojikent−Toshkent yo‘nalishdagi elektropoyezdlar harakati noma’lum muddatga to‘xtatildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
Harakat tarkibini modernizatsiya qilish maqsadida quyidagi shaharlararo yo‘lovchi poyezdlar vaqtinchalik harakatlanmaydi:
- 6435/6436-sonli Toshken-Xojikent-Toshkent yo‘nalishi;
- 6441/6442-sonli Toshkent-Xojikent-Toshkent.
Bugun “Tashtrans” tomonidan Toshkent-Xojikent elektropoyezd qatnovi jadvali yangilangani haqida xabar berilgandi.
Toshkent Shimoliy vokzalidan Xojikentga birinchi poyezd 7:10 da emas, 13:44 da harakatlanishi, keyingi reys esa soat 19:16ga belgilangandi.
“Xojikentga boruvchi oxirgi reysdan foydalanmoqchi bo‘lganlarga oldindan Chirchiq, G‘azalkent va Xojikent tomon boruvchi boshqa alternativ marshrutdan foydalanishni tavsiya qilamiz”, deyiladi “Toshtrans” xabarida.
2022-yil may oyida ham Toshkent-Xojikent-Toshkent yo‘nalishidagi elektropoyezdlar qatnovi vaqtincha bekor qilingandi.