Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida atmosferaga zararli ta’siri yuqori avtomobillar harakati taqiqlanishi mumkin.
Ekologiya vazirligi atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Loyiha bilan transport vositalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini, jumladan, atmosfera havosiga zararli tashlamalar hajmini kamaytirish belgilanmoqda.
Xususan, yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanuvida bo‘lgan benzin, dizel va gaz dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi avtomobillardan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining havoga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish tizimi joriy etiladi.
Havoga zararli ta’siri avtomobillar tashlamalarining normativlaridan yuqori bo‘lganlariga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini va ulardan foydalanishni cheklash choralari qo‘llaniladi.
Shuningdek, transport vositalari tashlamalarining normativlarga mosligini nazorat qilish ishlariga tadbirkorlar jalb qilinadi. Hududlarda “Eko post"larni tashkil etish uchun xususiy investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Avtomobillarni foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirish ularning zaharlilik darajasi Yevro-4 va undan yuqori yoxud “Yevro-4"da keltirilgan talablardan past bo‘lmagan o‘xshash toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash tartibida amalga oshiriladi.
Transport vositalari tashlamalarining normativlarga mosligini nazorat qilish laboratoriya sinovlarini o‘tkazish orqali quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- 2024-yilning 1-iyulidan — barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlar foydalanuvida bo‘lgan transport vositalari uchun majburiy tartibda;
- 2025-yildan — barcha boshqa yuridik shaxslar foydalanuvida bo‘lgan avtomobillar uchun ixtiyoriy tartibda;
- 2025-yilning 1-iyulidan — barcha aholi foydalanuvida bo‘lgan avtomobillar uchun ixtiyoriy tartibda.
Shuningdek, atmosfera havosiga zararli ta’siri avtomobil tashlamalarining normativlaridan yuqori bo‘lganlarga quyidagi choralar qo‘llanadi:
- yuridik shaxslarga — kompensatsiya to‘lovlarini tatbiq etish va 2025-yilning 1-sentabridan tashlamalarining normativlarga mosligi tasdiqlanmagan avtomobillardan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlari hududida foydalanishni man etish;
- fuqarolarga — 2025-yilning 1-sentabridan tashlamalarining normativlarga mosligi tasdiqlanmagan avtomobillardan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlari hududida foydalanishni taqiqlash.
Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 17-noyabrigacha qabul qilinadi.