“YouTube” “Play Something” nomli yangi tugma funksiyasini sinovdan o‘tkazmoqda, deya xabar berdi “The Verge” nashri.
Qayd etilishicha, maxsus tugma yordamida foydalanuvchi nima ko‘rishni bilmasa, tasodifiy videoni ochish imkonini beradi.
Bu tugma allaqachon bir qator foydalanuvchilar uchun xizmatning mobil ilovasida paydo bo‘lgan. U asosiy sahifadagi tasmani turli tarkiblar o‘rtasida aylantirganda ko‘rsatiladi.
Funksiya ko‘pincha foydalanuvchini “Shorts” videolariga yo‘naltiradi, lekin ba’zida u to‘liq metrajli videolarni ham ko‘rsatadi.
Nashrning qayd etishicha, yangi “YouTube” funksiyasi algoritmi tasodifiy videolarni tavsiya qilishda ko‘rish tarixini hisobga oladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas.
“Android Police” ta’kidlaganidek, “Reddit"ning ba’zi foydalanuvchilari may oyida “YouTube” mobil ilovalarida “Play Something” tugmachasini payqagan, ya’ni xizmat ishlab chiquvchilari yangi funksiya ustida ancha vaqtdan beri ishlamoqda.
Xuddi shunday “Play Something” tugmasi “Netflix” striming xizmatida ham mavjud. Funksiya 2021-yilda ishga tushirilgan va foydalanuvchini oldindan ko‘rmagan tasodifiy shou va filmlarni tomosha qilishga taklif qiladi.
Avvalroq “Spot” “YouTube” ikkita yangi sun’iy intellekt funksiyalarini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.
Birinchisi, sharhlarni mavzularga jamlash bo‘lsa, ikkinchisi esa tomosha qilayotgan video haqidagi savollarga javob bera oladigan chat-bot hisoblanadi.