Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida hosildorlik, daromad, ish o‘rni va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Spot” unda ilgari surilgan muhim topshiriqlarni bir joyga jamladi.


Paxtachilikda past hosil berayotgan navlarni ekish to‘xtatiladi

Unda paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati ko‘rib chiqildi. Bu yil 41ta klasterda hosildorlik 40 sentnerdan oshgan bo‘lsa, 9tasida 30 sentnerdan kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hosildorlik pastligi va tannarx yuqoriligi hisobiga Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida rentabellik 10−11%dan oshmayapti.

Kelgusi yildan paxta urug‘chiligi bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy qilinadi. Bunda, ball boniteti past, suv og‘ir bo‘lgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan har bir viloyatdagi 1tadan tumanda 70−80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urug‘ini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi.

Shu bilan birga, 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlarni ekish to‘xtatilib, ular urug‘chilik institutlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi serhosil navlar bilan almashtiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat hokimlariga bu bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.


Klasterlar bilan fermerlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha tizim joriy etiladi

20ta klasterda hisob-kitoblar joyida bo‘lsa, 122ta klasterning Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi oldida qarzdorligi bor, 27ta klaster esa fermerlarga 2022-yil paxta hosilidan tegishli mablag‘larni to‘lab bermagan. Shu kabi, fermerlarning ham klasterlar oldida qarzdorligi bor.

Shundan kelib chiqib, klasterlarni tashkil etish, ular bilan fermerlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Har bir viloyatda yangi klasterlarga moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnika ta’minoti bo‘yicha talablar qo‘yiladi. Ular kamida ikki bosqichli qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi shart bo‘ladi.

Fermerlar bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan fyuchers shartnomasi tuzishi mumkin bo‘ladi. Ular fyuchers shartnomasidan ortgan hosilni birja orqali sotishiga ham imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirishga 60% avans ko‘rinishidagi imtiyozli kreditlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerlarga ajratiladi.

Mutasaddilarga klaster va fermerlarni moliyalashtirishni yangi tartibini yo‘lga qo‘yish topshirildi.


Paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50%i qoplab beriladi

Bo‘yalgan matoni 50%dan kam bo‘lmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1% stavkada to‘laydi, ularga mol-mulk solig‘ini 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

2025-yilgacha paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari uchun zarur texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlarini import qilishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi.

Yuqorichirchiqda gazlama ishlab chiqarish va bo‘yoqxonalar tashkil qilish, Qoraqalpog‘istonda sun’iy tola, gazlama-mato ishlab chiqarish va bo‘yoqxona tashkil etish bo‘yicha loyihalar kelgusi yil ishga tushirilib, tadbirkorlarga sanoat ipotekasi asosida beriladi.

Hududlar rahbarlariga shunday yirik loyihalarni amalga oshirish hisob-kitob qilishga ko‘rsatma berildi.


Mini texnika uchun bojxona imtiyozlari 2027-yilgacha uzaytiriladi

Yig‘ilishda hosildorligi past 16 ming gektar bog‘ va 10 ming gektar tokzorlarda yiliga o‘rtacha $100 mln daromad boy berilayotgani ta’kidlandi. Lekin, hech bir tuman hokimi bu borada aytarli ish qilmayotgani tanqid qilindi.

Xususiy investitsiyalarni jalb qilib, yaroqsiz bog‘ va tokzorlar o‘rnida yangi intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish muhimligi ta’kidlandi.

Kelgusi yildan bog‘ va tokzorlarga hosildorligi va tushumiga qarab tabaqalashgan yer solig‘i stavkalari joriy qilinadi.

Davlat korxonalari balansidagi nosohaviy bog‘ va tokzorlarni tadbirkorlarga taklif qilish topshirildi.

Tomorqalarda ertaki va takroriy ekinlar maydonini 1,61 mln gektarga yetkazib, 500 ming aholini band qilishi zarur.

Tomorqa egalariga zarur mini texnika uchun bojxona imtiyozlarini 2027-yilgacha uzaytirish belgilandi.


Baliqchilikda Sloveniya tajribasi asosida 50ta kichik hovuzlar ishga tushiriladi

Narx barqarorligini ta’minlash maqsadida yil yakunigacha chorva va parranda go‘shti ishlab chiqarishga budjetdan 230 mlrd so‘m subsidiya ajratiladi, don mahsulotlarini saqlash uchun 8ta yirik omborxona tashkil etiladi.

Parrandachilikni kengroq kreditlash muhimligi qayd etildi. Mamlakatda birinchi tartibli parranda naslining ota-onalik liniyasi yo‘qligi bois, yiliga 3 mln bosh jo‘ja import qilinmoqda. Shu sabab, birinchi tartibli ota-onalik sof liniyasini olib kelish choralarini ko‘rish topshirildi.

Kelgusi yilda 1 mln tonna baliq yetishtirish zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga Sloveniya tajribasi asosida 50ta kichik hovuzlarni ishga tushirish, 35 ming gektar sun’iy havzalarga aerator o‘rnatib, hosildorlikni 3−4 barobar oshirish topshirildi.

Shuningdek, xonbaliq, losos, osyotr kabi sovuq suv baliqlarini yetishtiruvchi xo‘jaliklarni 35taga yetkazish vazifasi berildi.


Sariyog‘ eksportiga cheklov bekor qilinadi

Yig‘ilishda sut ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqildi. Sariyog‘ eksportiga cheklovni bekor qilish, sut yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha Hukumatga topshiriq berildi.

Yirik chakana savdo tarmoqlarida sotilayotgan quruq va tabiiy sutdan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni alohida belgilash amaliyotini joriy etish, ko‘chma go‘sht-sut shoxobchalarini tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.


Qishloq xo‘jaligi loyihalariga beriladigan kreditlar muddati 15 yilgacha uzaytiriladi

Xalqaro moliya tashkilotlaridan qishloq xo‘jaligiga jalb qilingan mablag‘lar to‘liq hajmda ishlatilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Buning asosiy sabablari — mablag‘lar 20−25 yilga jalb qilingan bo‘lsa-da, banklar tomonidan tadbirkorlarga 5−7 yilga ajratilayotgani, kredit ajratish uchun loyihalarni ko‘rib chiqish muddatlari olti oydan bir yilgacha cho‘zilayotgani, mablag‘lardan foydalanish yo‘nalishlari cheklangani, natijada tadbirkorlarda qiziqish kam.

Bo‘sh mablag‘larni oziq-ovqat loyihalari, laboratoriya va texnikalarga yo‘naltirish zarurligi, ushbu resurslar banklar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham jozibador shartlarda ajratilishi kerakligi ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligi loyihalariga beriladigan kreditlar muddati 3 yillik imtiyozli davr bilan 15 yilgacha uzaytiriladigan, kredit uchun taqdim qilingan loyihalarni ko‘rib chiqish muddati 2 oygacha qisqartiriladigan bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari, budjet va banklar ajratayotgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishini ta’sirchan nazorat qiladigan Ichki audit xizmatini tashkil qilish topshirildi.