BAA kompaniyasi Andijonda rezavor mevalar klasterini tashkil qiladi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Bu bo‘yicha, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Abu-Dabi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat tashkiloti bosh direktori, “E20 Investment Limited” kompaniyasi raisi Said Al-Ameri bilan muzokaralar o‘tkazdi.

BAA tomoni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi va Andijon viloyatida meva va reza mevalar klasterini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishda ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

Korxona 6 ming tonna serhosil va eksportbop buta mevalarini yetishtirishni nazarda tutuvchi loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni boshlashni rejalashtirmoqda.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va veterinariya sohalarida yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi loyiha va tashabbuslar hayotga tatbiq etilishini jadallashtirish va faollashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

E20 Investment Limited — qishloq xo‘jaligi va agrosanoat sohasiga ixtisoslashgan investitsiya kompaniyasi. Tarkibiga Yevropa, Markaziy Osiyo va Afrikada investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi 12 dan ortiq sho‘ba korxonalari kiradi.