Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida xorijliklarning jamoat transportida haydovchi sifatida ishlashiga taqiq o‘rnatildi. Bu haqda viloyat hukumatiga tayanib, “Kommersant” nashri xabar berdi.
Bu bo‘yicha, 3-noyabr kuni viloyat gubernatori Aleksey Teksler tegishli hujjatni imzoladi. U bilan, viloyat hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan ayrim iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha migrantlarni ishga jalb qilishni taqiqlash belgilangan.
Xususan, 2024-yilda viloyatda chet el fuqarolarining shahar, shahar atrofi va shaharlararo avtobuslar hamda yo‘lovchi taksilarida haydovchilik bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.
Mazkur taqiq viloyatda 2016-yildan buyon amal qilib keladi hamda har yili viloyat rahbarining maxsus qarori bilan uzaytiriladi.
Qayd etilishcha, 2015-yilda Chelyabinsk va Magnitogorsk rahbarlari xorijlik mikroavtobus haydovchilarining aybi bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar sonining ortishi sabab, bunday taqiqni o‘rnatishni so‘rashgan.
Avvalroq Rossiyada migrantlarning ayrim sohalarda ishlashiga cheklov qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Deputatlar xorijliklarning kasalxona, dorixona, maktablar hamda taksida ishlashlarini taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqishdi.