9-noyabr kuni Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun hali ishga solinmagan salohiyat mavjudligini ta’kidladi. Masalan, o‘tgan yili mamlakatlar o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi $85 mlrdni tashkil etdi, bu mazkur mamlakatlar umumiy tashqi savdosining 8%ini tashkil etadi.

Imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish bo‘yicha cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.

Prezident “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari — 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqishni taklif etdi. Unda o‘zaro savdoni rag‘batlantirish, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, energetika xavfsizligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga qaratilgan Savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chaqirdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar orqali 2035-yilga borib o‘zaro savdo hajmlarini kamida 2 barobar ko‘paytirish mumkin.

A’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emasligini qayd etib, prezident transqit’aviy transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanish, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li va Transafg‘on multimodal yo‘li loyihalarini ishga tushirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.

2-noyabrda o‘tkazilgan transport vazirlarining yig‘ilishida O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarni ham qo‘shilishga, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirishga chaqirildi.

hamkorlik, iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, prezident, tashabbus

Yuk tashish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni raqamlashtirish va bunday tizimlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusi bildirildi.

O‘zbekiston rahbari o‘zaro investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqish hamda hududlararo sanoat ko‘rgazmasini tashkil etib, uning dastlabki tadbirini 2024-yilda mamlakatda o‘tkazish muhimligini qayd etdi.

Mamlakat tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdor ekani ham ta’kidlandi.

Milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini joriy etish ahamiyati oshib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Sohada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida IHT Energetika vazirlari kengashini ta’sis etish taklif qilindi.

Turizm sohasida hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyatni va transchegaraviy yo‘nalishlar ommalashayotganidan kelib chiqib, qo‘shma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yo‘li” sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirish taklif etildi.

Prezident IHT Kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlarning turizm ma’muriyatlari va ekspertlardan iborat Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etish hamda uning ilk uchrashuvini tashkilotning turizm poytaxti deb e’lon qilingan Shahrisabz shahrida o‘tkazish taklifini bildirdi.

Har yili madaniyat, san’at va kino haftaliklarini o‘tkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish, fundamental ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish taklif qilindi.

Sammitda Ozarbayjon, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Pokiston, Qozog‘iston delegatsiyalari rahbarlari hamda IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy so‘zga chiqdi. Tadbir yakunida

Toshkent kommyunikesi qabul qilindi. Tashkilotga raislik Eronga o‘tdi, navbatdagi sammit Ozarbayjonda o‘tkazilishi belgilandi.

Avvalroq prezident Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan takliflarni bergandi. Xususan, Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini faollashtirish va uni Toshkentda joylashtirish, O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochish taklif qilindi.