Janubiy Koreyada robot robototexnika kompaniyasi xodimini sabzavot qutisi bilan adashtirgani tufayli, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi.
Bu haqida mahalliy “The Korea Herald” va “Yonhap” axborot agentligiga tayanib “BBC” xabar berdi.
Baxtsiz hodisa 2023-yil 8-noyabrga o‘tar kechasi “Donggoseong” eksport qishloq xo‘jaligi majmuasiga tegishli Kyonsannam-do provinsiyasidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tarqatish markazida sodir bo‘lgan.
Markazga robototexnika kompaniyasidan mutaxassis (lavozimi oshkor etilmagan) bulg‘or qalampiri qutilarini ko‘tarib, tagliklarga joylashtiruvchi robot datchiklari ishini sinovdan oldin tekshirish uchun kelgan. Tekshirish datchiklar bilan bog‘liq muammolar tufayli talab qilingan.
Dastlabki versiyaga ko‘ra, tizimdagi nosozlik tufayli robot odamni qutiga o‘xshatgan va uning tanasini konveyerga bosgan.
Jabrlanuvchi ko‘krak va yuz qismidan olgan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etgan.
Politsiya markazning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha xodimlarini beparvolik uchun tergov qilayotganini aytdi.
“Donggoseong” eksport qishloq xo‘jaligi majmuasi tizimni ishlamay qolmasligi va ishchilar hayotiga tahdid solmasligi uchun takomillashtirishga chaqirdi.