Avvalroq “Spot” Markaziy bank valyuta operatsiyalari qoidalariga yuridik shaxslarning chet el valyutasini sotib olish shartlarini qat’iylashtiruvchi qonun loyihasini tayyorlagani haqida yozgandi. Shuningdek, loyiha norezident jismoniy shaxslar ishtirokidagi valyuta operatsiyalariga ham tekshiruv amalga oshirilishini nazarda tutadi.
“Toshkent” Respublika fond birjasi boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili Markaziy bank tomonidan valyutani tartibga solish bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgartirishlar mamlakatdagi investitsiya muhiti va xorijiy investorlarning O‘zbekiston fond bozoriga kirishi uchun katta xavf tug‘dirishini ta’kidladi.
“Agar taklif etilayotgan qo‘shimcha me’yoriy hujjatlar qabul qilinsa, xorijda valyuta sotib olish va olib chiqish tartibi juda murakkablashadi — avvallari bu oson bo‘lmagan. Bu bizning birjamizdagi jiddiy xorijiy investorlar uchun eshiklarni amalda yopadi. Hech bir normal investor valyutani sotib olish va yechib olishda undan ko‘plab murakkab hujjatlar talab qilinishini biladigan bozorga kirishni istamaydi”, dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy investorlar tomonidan valyuta konvertatsiyasi va daromadlarni repatriatsiya qilish jarayonini kuchaytirish investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki kapital eksporti yo‘lidagi to‘siqlar mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimini kamaytiradi.
Xorijiy valyutani sotib olish va kapitalni olib chiqishdagi cheklovlar natijasida O‘zbekiston xorij sarmoyasidan shunchaki mahrum bo‘lishi mumkin.
“Vaziyatni murakkablashtirib, investorlarning chet el valyutasini sotib olib, mamlakatdan olgan daromadlarini olib chiqishlarini qiyinlashtirish noto‘g‘ri. Markaziy bank biz man qilmayapmiz, shunchaki qo‘shimcha hujjatlar talab qilyapmiz, deyishi mumkinligi aniq. Biroq, bu aslida cheklovga olib keladi, chunki byurokratiya yanada murakkablashadi va investorlar konvertatsiya qilish va mamlakatdan mablag‘larni olib chiqish uchun qo‘shimcha xarajatlarni ko‘tarishga majbur bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi Paresishvili.
Birja rahbarining ta’kidlashicha, mahalliy bozor ishtirokchilari va xorijiy investorlar Markaziy bank tomonidan taklif etilayotgan o‘zgarishlarni valyuta liberallashuvidan qaytishning dastlabki belgisi sifatida qabul qilishmoqda. Uning ta’kidlashicha, ushbu loyiha bozor ishtirokchilarining barcha sharhlarini inobatga olgan holda har tomonlama muhokama qilinishi kerak.
Paresishvili valyuta va boshqa tartibga solishlarning tez-tez o‘zgarishi O‘zbekistonning obro‘-e'tiboriga ta’sir qilish xatarlariga e’tibor qaratdi, chunki investorlar oldindan bilishni afzal ko‘rishadi.
“Har qanday mamlakatda investorlar oldindan taxminlar aniq bo‘lishni yaxshi ko‘radilar va aksincha, ular haqiqatan ham hech qanday „syurpriz“ va oldindan aytib bo‘lmaydigan harakatlarni yoqtirishmaydi. Ular bir kunga emas, balki uzoq muddatga bu davrda mamlakatdagi sarmoyaviy muhit va qonun-qoidalar buzilmaydi, degan umidda sarmoya kiritmoqdalar”, — deya xulosa qildi u.
O‘z navbatida, moliyaviy tahlilchi Karen Srapionov har qanday cheklovlar valyutaga bo‘lgan talabning oshishiga olib kelishini ta’kidladi, chunki odamlar 2017-yilgacha mamlakatda mavjud bo‘lgan muammolarni unutmagan va hali ham o‘tmishga qaytishdan qo‘rqishadi.
Shuningdek, u sarmoyadorlarda O‘zbekistonda noaniqlik yuzaga kelsa, ular o‘zlariga ko‘proq sodiq bo‘lgan boshqa davlatlarga sarmoya kiritishni afzal ko‘rishlarini ta’kidladi.
“Mablag‘larni olib chiqish bo‘yicha cheklovlar va risklar daromadlilik bo‘yicha yuqori kutilmalarga, demak kreditlarning yuqori stavkalari va kompaniyalarning past baholanishiga olib keladi. Soliqlarni to‘lash foydani repatriatsiya qilishni kafolatlashning mutlaq va yagona sharti bo‘lishi kerak”, — deya tushuntirdi mutaxassis.
Srapionov rejalashtirilgan o‘zgarishlar to‘g‘ri yoritilmaganidan shikoyat qildi. Xususan, xuddi shunday holat sentabr oyida kuzatilgan, o‘shanda Markaziy bank valyuta cheklovlarini joriy etishni rejalashtirgan, bu esa oxir-oqibat regulyator uchun imij xatarlarini keltirib chiqaradi.
“Portfolio Investments” investitsiya kompaniyasi bosh direktori Munir Yoqubov Markaziy bank tomonidan taklif etilayotgan chora-tadbirlarni bugungi voqelikda O‘zbekiston bozori uchun cheklovchi deb atadi. U alohida e’tiborni auditorlik xulosasi talabiga qaratib, uni asosiy muammo deb atadi.
“Bugungi kunda davlat tomonidan ma’lumotlar, jumladan, aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan auditorlik xulosalari o‘z vaqtida va sifatli oshkor etilishi ustidan nazorat yo‘q. Hatto mamlakatning eng yirik aksiyadorlik jamiyatlari ham qonun talabiga binoan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari hisobotlarini va auditorlik hisobotlarini e’lon qilmaydi. O‘zbekistondagi mahalliy kompaniyalar hisobotlarni o‘z vaqtida e’lon qila boshlamaguncha va auditorlik tekshiruvidan o‘tmaguncha, xorijliklar tomonidan valyutani repatriatsiya qilish bo‘yicha auditorlik talabini joriy etish qabul qilinishi mumkin emas”, — dedi u.
“Portfolio Investments” rahbarining qo‘shimcha qilishicha, hozir ham O‘zbekiston investorlar tomonidan xavfsiz boshpana sifatida qabul qilinmayapti va valyuta nazoratini kuchaytirish investitsiya muhitini yaxshilashga yordam bermaydi.
“Avval olib tashlangan cheklovlar rezident yuridik shaxslarga tegishli edi. Rasmiy ravishda yangi loyiha norezidentlarni tartibga solishga qaratilgan, biroq tartibga solishni kuchaytirish tendentsiyasi yaqqol ko‘rinib turibdi”, — deya xulosa qildi Munir Yoqubov.
Biroq Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bobir Abubakirov o‘zgartirishlar texnik xususiyatga ega bo‘lib, xorijiy valyutani sotib olish shartlarini qattiqlashtirmasligini aytdi. Xususan, loyihada tijorat banklari chet el valyutasini xarid qilishda yuridik shaxslardan talab qilishi mumkin bo‘lgan hujjatlarning faqat maksimal ro‘yxati tasdiqlanadi.