Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi gaz ta’minotini oshirish uchun Markaziy Osiyo — Markaz quvurlari tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya rahbari Aleksey Miller “Izvestiya” nashriga ma’lum qildi.

Top-menejerning taʼkidlashicha, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan allaqachon tegishli memorandumlar imzolangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha quvur tarmog‘i uchun “ikkinchi tug‘ilish” bo‘ladi.

Miller tizimni rekonstruksiya qilishning birinchi bosqichi allaqachon yakunlanganini qayd etdi. Uning natijasida Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

Hozirda “Gazprom” ikki mamlakatga ko‘k yoqilg‘i eksportini oshirishni, shuningdek, mintaqaning boshqa davlatlari bilan ham tranzitni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Rekonstruksiya ishlaridan so‘ng gaz ta’minoti 2025-yilning 1-noyabridan kechiktirmay boshlanishi kerakligi taʼkidlangan.

Kompaniya Ostona bilan Qozog‘istonning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarini gazlashtirish masalasini ham muhokama qilmoqda. Millerning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni mamlakatning mazkur hududlarini Rossiya tomonidan energiya manbalari bilan ta’minlash iqtisodiy jihatdan samaraliroq bo‘ladi.

Gaz tranziti boshlangach, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Gazprom” bilan o‘rta va uzoq muddatli gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar muhokamasi boshlanganini ma’lum qildi.

Oktabr oyi oxirida Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan xalqaro gaz forumida Rossiya O‘zbekiston bilan kelgusi 15 yil davomida gaz bo‘yicha hamkorlik qilishni ko‘rib chiqqani xabar berildi. Gaz yetkazib berishni ko‘paytirish uchun yangi yo‘nalishlar va mavjud Buxoro-Ural gaz quvuri o‘rganilayotgani ta’kidlandi.

Qozog‘iston energetika vaziri joriy yil oxirigacha Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzit hajmi kamida 800 mln kub metrni tashkil etishini qayd etdi. Bu ko‘rsatkich yiliga 2,8 mlrd kub metrni tashkil etadi. Vazir Almasadam Satkaliyevning so‘zlariga ko‘ra, gaz yetkazib berish hajmining oshishi O‘zbekiston ehtiyojlariga bog‘liq.


Avvalroq prezident tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha topshiriq bergandi.