Avvalroq qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida hosildorlik, daromad, ish o‘rni va investitsiyalarni ko‘paytirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

9-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektorda prezident budjetga tushumlarni ta’minlash va kuz-qish mavsumida gaz ta’minotini yaxshilash masalalariga to‘xtaldi.

Ayrim tuman va shaharlarda tushumlar hajmi ulardagi sanoat ishlab chiqarishi va eksportning o‘sishiga, kiritilgan investitsiyalarga, mavjud salohiyatiga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hokimlar va mas’ul rahbarlarga aylanma soliq, alkogol va tamaki aksizining yig‘iluvchanligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, xufiyona aylanmaga qarshi kurashni kuchaytirish topshirildi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholi va tadbirkorlarga tabiiy gazni sifatli va uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Sohadagi hisob-kitobni tartibga solish hamda gazdan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Noyabr oyi boshida prezident energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar bergandi. Xususan, ikki hafta muddatda qozonxonalar va isitish tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini yakunlash topshirildi.


Avvalroq “Gazprom” rahbari Aleksey Miller O‘zbekiston va Rossiya 15 yilga gaz bo‘yicha shartnoma tuzishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Shartnoma imzolanishi 2024-yilning o‘rtalarida kutilmoqda.