Joriy yilning 21-sentabridan Rossiya benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga vaqtinchalik cheklovlar kiritdi. Bu ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish hamda taqchillikni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi ta’kidlandi.
“Reuters” agentligining xabar berishicha, kelasi haftada benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga o‘rnatilgan cheklovlar bekor qilinadi. Bu bo‘yicha, Rossiya hukumati yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilarga mazkur cheklovlar bekor qilinishi haqida xabar bergan.
Agentlik manbalaridan biri cheklov kelasi hafta boshida bekor qilinishini bildirgan. Yana bir sanoat manbasining aytishicha, eksportga qo‘yilgan taqiq keyingi haftada bekor qilinadi. Rasmiylar ichki bozor barqarorlashganidan keyin taqiq bekor qilinishini ta’kidlashgan.
Hukumat 6-oktabr kuni cheklovlarni yumshatib, dizel eksportiga ruxsat berdi, biroq benzin eksporti bo‘yicha choralarni saqlab qoldi. Xorijga yuk mashinalari va temir yo‘l orqali benzin yetkazib berish ham taqiqlangan.
Avvalroq Rossiya Energetika vaziri Nikolay Shulginov hukumat benzinning ayrim markalarini eksport qilishga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi.
O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning qayd etishicha, Rossiya tomonidan benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga kiritilgan cheklovlar mamlakatga yetkazib berishga ta’sir qilmagan va tomonlar hukumatlararo kelishuv tuzishgan.
Avvalroq “Spot” bozor ishtirokchilarining AI-80 benzinini xarid qilish bo‘yicha kunlik limitni 10 tonnadan 4 tonnagacha kamaytirishni so‘ragan xatini e’lon qilgandi.
Raqobat qo‘mitasi limit oshirilishini import narxlarining ichki bozorga ta’sirini yumshatish bilan izohladi. Birjada AI-80 benzinini xarid qilish limitining oshirilishi xaridorlar sonini kamaytirgan.
Jo‘rabek Mirzamahmudov Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjada AI-80 benzinini sotib olish limiti oshirilganiga izoh berib, mamlakatda yoqilg‘i defitsiti yo‘qligini ta’kidladi.