Turkiya kompaniyasi Qashqadaryoda gaz porshenli elektr stansiyasini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

9-noyabr kuni vazir Laziz Qudratov hamda Turkiyaning “Aksa Enerji” boshqaruvi raisi Jemil Kazanchi o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolandi.

Hujjat bilan, kompaniya DXSh shartlari asosida Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida quvvati 400 MVt bo‘lgan gaz porshenli elektr stansiyasini barpo etishi belgilanmoqda.

Turkiya kompaniyasi loyiha uchun $250 mln investitsiya kiritadi. Qurilish ishlari joriy yilning dekabrida boshlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, elektr stansiyasi 2024-yilning oxirida ishga tushiriladi.

Kompaniya 25 yil — loyihani amalga oshirishning butun davri davomida elektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va ishlatish bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, Turkiya kompaniyasining tashrifi doirasida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Aksa Enerji” o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Uning doirasida O‘zbekiston tomoni turkiyalik investordan 25 yilga kafolatlangan elektr energiyasini sotib olishni amalga oshiradi.

2021-yilda “Aksa Enerji” tomonidan Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish loyihalari moliyalashtirilgan.

Aksa Enerji” 1960-yilda tashkil etilgan “Kazanci Holding” tarkibiga kiradi. Xolding energetika sohasidagi loyihalar bilan birga, qishloq xo‘jaligi va turizm bo‘yicha loyihalarni ham ishlab chiqadi. Turkiya, Gana, Madagaskar, Mali, Kongo va O‘zbekistonda elektr stansiyalarini qurmoqda.


Avvalroq AQShning “General Electric Global Parts and Products” korporatsiyasi O‘zbekistondagi elektr stansiyalarni yaxshilashga $60 mln yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi.