Toshkentda Saudiya Arabistoni kompaniyasining mintaqaviy vakolatxonasi ochiladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yilning 9-noyabr kuni vazir Laziz Qudratov hamda “Vision invest” kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Omar N. Ol-Midaniy o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.

Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni samarali boshqarish uchun Toshkentda mintaqaviy vakolatxona ochilishini ma’lum qildi. Xususan, vakolatxona joriy yilning 10-noyabr kuni ochilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, tomonlar energetika, infratuzilmani rivojlantirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, suv resurslaridan foydalanish sohalarida yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Muzokaralar yakunida faol hamkorlik qilishga va kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida kengaytirilgan choralarni ko‘rishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Joriy yilning avgust oyida kompaniyaning O‘zbekistondagi texnologik loyihalarga sarmoya kiritishi ma’lum qilingandi. Xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport va logistika, sanoat chiqindilarini qayta ishlash va suvni tozalash yo‘nalishlarida yangi loyihalarni boshlashga kelishilgandi.

Kompaniya haqida

Vision invest” 2002-yilda tashkil etilgan. Kompaniya boshqaruvidagi aktivlarining qiymati $96 mlrdni tashkil etadi.

Shuningdek, “Vision invest” “ACWA Power” kompaniyasining aksiyadori hisoblanadi va Saudiya Arabistoni, BAA va Ummondagi DXSh asosidagi loyihalarida yetakchi o‘rinni egallaydi.


Avvalroq saudiyalik tadbirkor Farg‘ona vodiysida “Arablar shaharchasi” nomi ostida turistik dam olish maskanini barpo etishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi. Loyiha qiymati qariyb $3 mlnni tashkil etadi. Turistik maskan Farg‘ona shahri va Chimyon sanatoriyasi o‘rtasida, jami 15 gektar maydonda quriladi.