Markaziy bank joriy yilning uchinchi choragi bo‘yicha iste’mol kayfiyati indeksini (IKI) e’lon qildi. Unga ko‘ra, indeks o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘zgarishsiz shakllanib 24,3 bandni tashkil etdi.

Uchinchi chorakda daromad olish va jamg‘arib borish bo‘yicha kutilmalar hamda xarajatga moyillik o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biroz yaxshilandi.

Aholi real daromadlarining oshishi, iqtisodiyotdagi iste’mol talabi yuqoriligi hamda qishloq xo‘jaligi sohasida daromadlarning mavsumiy ortishi iste’mol kayfiyatini ijobiy saqlab qoldi.

Shuningdek, respondentlar javoblarida kredit olishga bo‘lgan ehtiyojning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pasayishi kuzatildi.


Xarajatlar

Kelgusida xarajatlari oshib borishini kutayotganlar ulushi biroz ortmoqda. Uchinchi chorakda xarajat subindeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,7 bandga oshib, 13,8 bandga teng bo‘ldi.

Xarajatlari ko‘payishini kutayotganlar ulushi 2% bandga oshgan bo‘lsa, xarajatlari qisqarishini kutayotganlar 1% bandga kamaydi.

So‘rov qatnashchilari uchinchi chorakda asosan, ta’lim, davolanish xizmatlariga hamda avtomobil, maishiy texnika va oilaviy bayram tadbirlariga xarajat qilganlarini qayd etishgan.

Shu bilan birga, kelgusi oylarda ayrim respondentlar ta’lim va davolanish xizmatlari, avtomobil xaridi hamda to‘y marosimlariga mablag‘larini sarflashni rejalashtirgan.

indeks, iste'mol xarajatlari, markaziy bank, xarajatlar

Shuningdek, uy-joy ta’miri uchun mablag‘ sarflashni rejalashtirayotganlar ko‘rsatkichi ham yuqori bo‘lgan.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda maishiy texnika sotib olish va sayoxat qilishga mablag‘larini sarflayotganlar ulushi oshib bormoqda. Bu tendensiya kelgusida ushbu tovar va xizmatlarga bo‘lgan talabni oshirishi va narxlarga talabni saqlab qolish bo‘yicha xulosalarni shakllantiradi.

To‘y marosimlarga talabning o‘sishi mavsumiylik, ta’lim sohasiga xarajatlarning yuqoriligi esa aholining ta’lim olishga ko‘proq mablag‘ sarflayotgani bilan izohlanadi.

Kreditlar

Iste’mol kreditiga bo‘lgan yalpi talab biroz pasaymoqda. Joriy chorakda respondentlar fikriga ko‘ra, kreditga bo‘lgan talab o‘tgan yil darajasidan biroz (0,6 f.b.) kamaydi va kredit subindeksi 7,2 bandga teng (joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan 1,5 f.b.ga kam) bo‘ldi.

indeks, iste'mol xarajatlari, markaziy bank, xarajatlar

Xususan, uchinchi chorakda kelgusi oylarda kredit olishga ehtiyojlari borligini bildirganlar (61%) ulushi 2022-yilning tegishli davriga solishtirganda nisbatan o‘zgarishsiz saqlanib qoldi.

Shunga qaramay, uy xo‘jaliklarining xarajat qilishga moyilligi ortib borayotgani kelgusida ham kreditga bo‘lgan talabning barqaror darajada shakllanishiga xizmat qilishi mumkin.

Daromadlar

Respondentlarning kelgusida daromadlari oshishi bo‘yicha kutilmalari barqarorlashmoqda. Bu davrda daromad subindeksi o‘tgan yilning uchinchi choragiga nisbatan 0,1 bandga ko‘tarilib, 10,1 bandni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan chorakda 11,5 bandga teng bo‘lgan.

Kelgusida daromadlari ko‘payishini kutayotganlar ulushi o‘tgan yilning mos davri darajasida shakllanib, 65%ga teng bo‘ldi. Daromadi oshishini kutayotgan respondentlarning ko‘pchiligi 5−7 mln so‘m, 7−10 mln so‘mgacha va 10 mln so‘mdan yuqori daromadga ega guruhlarga to‘g‘ri keldi.

indeks, iste'mol xarajatlari, markaziy bank, xarajatlar

Daromadi nisbatan pastroq (2 mln so‘mgacha va 2−3 mln so‘m) bo‘lgan aholi vakillarining kelgusida daromadi ortishi bo‘yicha kutilmalari qolgan daromad guruhlariga nisbatan ijobiy shakllandi.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan so‘rov ishtirokchilaridan ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, kafe-restoran, tashish xizmati, turizm va OAV hamda ta’lim yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchilarning daromadlari bo‘yicha ijobiy kutilmalari nisbatan yuqoriroq bo‘ldi.

Aksincha, savdo, bank va moliya, kommunal xizmat, tibbiyot va maishiy xizmat sohasidagilarning kelgusidagi daromadlari bo‘yicha kutilmalari nisbatan pastroq shakllanmoqda.

Jamg‘armalar

Kelgusi chorak bo‘yicha respondentlarning jamg‘arish kayfiyati o‘tgan chorakka nisbatan pasaymoqda. Joriy yilning uchinchi choragida jamg‘arish subindeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,3 bandga kamayib, 6,8 bandga teng bo‘ldi.

Kelgusida jamg‘armalari ko‘payishi bo‘yicha ijobiy kutilmalarga ega respondentlarning ulushi avvalgi yilning mos davriga solishtirganda biroz (0,9 f.b.) ortib, 58%ni tashkil etdi.

Qishloq xo‘jaligida daromadlarning oshishi, aholi depozit foiz stavkalarining jamg‘arish uchun jozibadorligi jamg‘arish kayfiyati ijobiy shakllanishida muhim ahmiyatga ega.

Xususan, inflyatsion kutilmalarga nisbatan real hisobda 5−6%lik depozitlar stavkalari shakllanishi jamg‘arish faolligining saqlanib qolishiga xizmat qildi. Shuningdek, jamg‘armalari kamayib borishini kutayotganlar ulushi avvalgi yilning mos davri bilan solishtirganda 1,4 foiz bandga ortib, 17%ni tashkil etdi.

So‘rovda qatnashgan respondentlarning jamg‘armalari yetarlilik darajasida 2022-yilning mos davriga solishtirganda o‘suvchi tendensiyalar shakllanmoqda.

Jumladan, jamg‘armalari 1 oygacha, 1−3 oy, 3−6 oy hamda 6 oy va undan uzoqroqqa yetishini ta’kidlaganlar ulushi biroz ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, jamg‘armalari mavjud emaslar sinfi o‘tgan yilning mos davri va joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan kamaygan.

indeks, iste'mol xarajatlari, markaziy bank, xarajatlar

Umuman, so‘rov qatnashuvchilarining aksariyati uchinchi chorakda moliviy holatlari biroz yaxshilanganini yoki o‘zgarmaganini bildirishdi. O‘z navbatida, kelgusida oilaviy daromadlarining biroz yaxshilanishini kutayotganlar ulushi o‘tgan yil darajasida qoldi.


Avvalroq “Spot” fond bozori ishtirokchilari bilan Markaziy bank tomonidan taklif etilayotgan valyuta operatsiyalari oid o‘zgartirishlar bo‘yicha suhbatlashib, ularning fikrlarini to‘plagandi.