O‘zbekistonda kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish uchun ikkinchi litsenziya berildi, deya xabar bermoqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.
13-noyabr kuni agentlik tomonidan “Paynet Crypto” MChJga O‘zbekiston hududida kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish uchun ikkinchi litsenziya berildi.
Joriy yil 21-iyunda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan “Lockton Hub” MChJga O‘zbekiston hududida kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish uchun birinchi litsenziya berilgandi.
“Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan hamda agentlikning rasmiy veb-sahifasida ushbu havola orqali foydalanish uchun ochiq hisoblanadi”, deyiladi agentlik xabarida.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Paynet Crypto” MChJ ta’sichisi Dadaxonov Botir Djurayevich.
Korxona 2023-yilning 16-mayida ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning ustav fondi 10 mln so‘mni tashkil etadi.
Avgust oyida “Uzpaynet” to‘lov xizmati sho‘ba korxonasi bo‘lgan “Paynet Crypto” kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgandi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda yana bir kompaniya kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgani haqida yozgandi.
Natijada, Coinpay korxonasi mamlakatdagi ikkinchi litsenziyalangan kripto-birja bo‘ldi. Kompaniyaning ustav fondi 7,63 mlrd so‘mni tashkil etadi.