Avvalroq kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Farmon bilan, ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, prezidentning tegishli qarori bilan tasdiqlangan o‘zini o‘zi band qiladiganlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirildi.
Unga ko‘ra, bu ro‘yxatga yana 19ta ish va xizmatlar qo‘shilib, jami 101taga yetkazildi. Yangi kiritilgan faoliyat turlari quyida keltirilgan:
- qayta ishlangan jundan kiyim va boshqa mahsulotlarni to‘qish;
- uy sharoitda loydan tandir tayyorlash;
- atlas va adras to‘qish;
- mayda munchoq (biser) yasash;
- uy sharoitda do‘ppido‘zlik mahsulotlarini tayyorlash;
- uy sharoitda temirchilik mahsulotlarini tayyorlash;
- asalarichilik hamda asalari uyalari va ularning ramkalarini yasash;
- quroqchilik usulida ko‘ylak, ko‘rpa va yopinchiq tikish;
- qo‘ziqorinlarni yig‘ish, uyda yetishtirish va sotish;
- pichoqlarni ishlab chiqarish, charxlash va sotish;
- qog‘ozdan qutilar, banderollar ishlab chiqarish;
- uy sharoitda issiqxona mahsulotlarini yetishtirish;
- tayyor mahsulotlarga etiketka yopishtirish;
- uy sharoitda bolalar o‘yinchoqlarini yasash;
- uy sharoitda supurgi yetishtirish va tayyorlash;
- yassi oyoqli bolalar uchun poyabzal yasash;
- milliy taqinchoqlar yasash;
- kandakorlik, miskarlik buyumlarini uy sharoitida tayyorlash;
- dag‘al jundan gilam, ko‘rpa, yostiq yasash.
2022-yilning sentabrida 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritildi. Joriy yil boshida esa ular shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati yana 19 taga to‘ldirildi.
Ayrim xizmat turlarini amalga oshirishda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish kerak. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin hamda buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.
Qidiruv tizimiga “O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish” kalit so‘zini kiritish orqali kerakli sahifa shakllanadi. “Spot” o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan qanday o‘tish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.