Xitoy kompaniyalari Farg‘onada “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “Chengdu Shiny Technology” hamda “Zhiyuanhui Information Technology” kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.
Tomonlar viloyatda “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Sentabr oyida viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi davomida “Zhiyuanhui Information Technology” kompaniyasi rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, loyiha bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgandi.
Kompaniya Farg‘ona shahrida “aqlli shahar” tizimi asosida raqamlashtirishni joriy etishi hamda 2ta MFY hududida sinov tarzida beg‘araz amalga oshirishi belgilangandi.
“Aqlli transport”, “aqlli energetika tizimi”, “aqlli suv va gaz ta’minoti” kabi boshqa yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan loyihaning joriy qilinishi yagona raqamli muhitni shakllantirish orqali hududlarni boshqarish samaradorligini oshirib, butun holatda boshqarish imkonini beradi, deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, barcha kommunal tizimlarning “aqlli texnologiyalar"ga birlashtirilishi xizmatlar sifat oshishini ta’minlaydi.
Xitoy tomoni tegishli tashkilotlar bilan uchrashib, uning yakunida loyihaning texnik shartlarini ishlab chiqish va amaliy bosqichga o‘tish rejalashtirilgan.
Avvalroq Xitoyning “Ruisu” kompaniyasi Farg‘onada elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.