Sirdaryoda ikkita gaz quyish shoxobchasi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, “Hududiy elektr tarmoqlari"ning viloyat hududiy filiali hamda huquq tartibot idoralari xodimlari tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazildi. Natijada, Sardoba tumanidagi “S S” MChJga qarashli AGTKSh elektr energiyasidan noqonuniy foydalanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, tumandagi yana bir kompaniya, “G M S” MChJga qarashli gaz quyish shoxobchasi nazoratdan o‘tkazilganda tarmoqqa noqonuniy ulanib, elektr energiyasi iste’mol qilayotgani aniqlandi.
Mutaxassislarning qayta hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu iste’molchilar tomonidan davlatga 6,66 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Har ikkala holat bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilib, tegishli choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Sentabr oyida Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 2 ta “zapravka” 2,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagani ma’lum bo‘lgandi.
Noyabr oyining dastlabki 10 kunida ayrim iste’molchilarning elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishlari bo‘yicha qonun buzilish holatlari kuzatildi. Iste’molchilar 11,33 mlrd so‘mlik elektr energiyasi hamda 3,56 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.