14-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda, xususan “Telegram” kanallarida xakerlarning O‘zbekiston banklariga hujum qilishgani va “Humo” kartalaridan yirik miqdorda pul o‘g‘irlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Biroq, oradan ko‘p vaqt o‘tmay Milliy banklararo protsessing markazi mazkur holatga munosabat bildirilib, tarqatilayotgan ma’lumotlarni rad etdi.
“Ushbu ma’lumotlar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. „Humo“ to‘lov tizimi barcha xavfsizlik talablariga javob beradi hamda tizimga bevosita hech qanday kiberhujum sodir bo‘lmagan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, to‘lov tizimi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tekshirilmagan va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘ramoqda. Aholi o‘rtasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjudligini ham eslatgan MBPM.
Noyabr oyi boshida “Humo” bankomatlaridan pul yechib olishda muammolar paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq, to‘lov tizimi bu mazmundagi xabarlarni rad etdi.
MBPM monitoring sabab, tizimga tegishli bankomatlarning 30%i o‘chirilishi rejalashtirilganini ta’kidlagandi. Undan keyin, barcha bankomatlar to‘liq ishchi holatda ekanligi ma’lum qilindi.
Oktabr oyi boshida “Humo” kartalaridan to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda cheklovlar yuzaga keldi.
Undan keyin, 17-oktabr kuni to‘lov tizimi terminallarida to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatilayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kunning o‘zida “Humo” tizimi terminallaridagi nosozliklar bartaraf etildi.