Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori BMT FAO hamda “IT Park” bilan Farg‘onadagi IT-startaplar uchun inkubatsiya dasturiga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.

Inkubatsiya dasturi — g‘oya va jamoaga yoki boshlang‘ich MVPga ega bo‘lgan rivojlanishning dastlabki bosqichidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha. U startaplarga o‘zlarining o‘sish va rivojlanishi uchun zarur resurslardan foydalanish imkonini beradi. Inkubatsiya dasturi yangi ish o‘rinlari yaratish va mintaqaning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishi rejalashtirilgan.

Loyihada Farg‘ona vodiysidagi turli sohalarda, jumladan, agrotexnologiyada biznes samaradorligi va barqarorligini oshirish bo‘yicha innovatsion yechimlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan yosh tadbirkorlar ishtirok etishi mumkin.

Dastur bir oy davom etib, unga 15ta IT-startap tanlab olinadi. Qabul qilingan ishtirokchilar ta’lim tizimi va qishloq xo‘jaligi, texnologiya va biznes sohasidagi yetakchi mutaxassislardan murabbiylik yordamiga ega bo‘lishadi.

Startaplar dastur davomida va inkubatsiyadan keyingi davrda o‘zlarining innovatsion IT-mahsulotlari va xizmatlarini yaratish va joriy etishda faol qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, ofis maydoni, asbob-uskunalar va boshqa resurslardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Dastur 17-noyabrda boshlanib, ishtirok etish uchun arizalarni 16-noyabrgacha havola orqali jo‘natish kerak.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq “IT Recruiting” kursining ikkinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Nomzodlar ingliz tilini B2 yoki undan yuqori darajada mukammal bilish kerak.