O‘zbekistonliklarga 15% boshlang‘ich to‘lov bilan 20 yilga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan imtiyozli uylar berilishi mumkin. Bu bo‘yicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirishga qaratilgan prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Loyiha aholi keng qatlamining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish, arzon uylar qurish hajmini oshirish, yangi arxitektura va texnik yechimlarni joriy etish hamda xususiy pudrat tashkilotlar rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilishi belgilangan.
“Mening birinchi uyim” dasturi Turkiyaning “TOKI” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Dasturning birinchi bosqichi tajriba-sinov tarzida Zangiota tumanidagi “Turkiston” MFYda amalga oshiriladi.
Qurilish ishlarini muvofiqlashtirish uchun davlat muassasasi shaklidagi “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish direksiyasi tashkil etiladi.
Dastur doirasida quriladigan uy-joylar aholiga imtiyozli va bozor shartlarda realizatsiya qilinadi. Xususan, imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yilda mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan oilalarga, 15% miqdorda boshlang‘ich to‘lov asosida 20 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosida beriladi.
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga quyidagi tartibda budjetdan subsidiyalar ajratiladi:
- imtiyozli uy-joylar bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash uchun — qat’iy belgilangan 32 mln so‘m miqdorida;
- oylik to‘lovlarning bir qismini qoplash uchun — 5 yil davomida har oylik qat’iy belgilangan 1 mln so‘m miqdorida.
Ko‘p kvartirali uy-joylar, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlarini samarali joylashtirish, loyihalashtirish hamda qurish ishlarini tashkil etish direksiya tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, loyihalashtirish va qurish ishlarini amalga oshiradigan tadbirkorlar tender asosida aniqlanadi.
Qonun loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 29-noyabrigacha qabul qilinadi.
Joriy yilning aprel oyida prezident “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzolagandi.
Hujjat bilan, “Mening birinchi uyim” dasturi tajriba-sinov tariqasida Zangiota tumani “Turkiston” MFYda amalga oshirilishi belgilangan. Bunda tumandan 36 gektar yer maydoni ajratilib, 2,5 ming oilaga mo‘ljallangan, barcha standartlarga javob beruvchi qulay va energiya tejamkor 58ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi.