Farg‘ona vodiysida o‘tkaziladigan “Open Mind” ideatoniga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda texnopark bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Ideaton o‘z ichiga ikki kunlik loyihalar va g‘oyalar tanlovini qamrab oladi. Uning doirasida ishtirokchilar jamoa shaklida ishtirok etib, MVP ishlab chiqmasdan o‘z yechimlarini yaratadi va taklif qiladi.

“Open Mind” ideatoni innovatsion loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, tajriba va bilim almashish hamda real muammolarga ijodiy yechimlar yaratish maqsadida hamjamiyatni birlashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, kichik biznesni rivojlantirishga ko‘maklashish, yoshlarni IT va raqamlashtirish orqali ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish hamda qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni joriy etish maqsadida tashkil etilmoqda.

Loyiha joriy yilning 20−21-noyabr kunlari Farg‘ona davlat universitetida o‘tkaziladi. Tadbirning boshlanish vaqti — 09:00.

Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, buning uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq YeXHT Farg‘ona vodiysidagi IT-startaplar uchun inkubatsiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.