“OpenAI” bosh direktori Sem Altman “Financial Times” nashriga bergan intervyusida kompaniya “GPT-5” yaratish ustida ishlayotganini rasman tasdiqladi.
Altman “OpenAI"ning sun’iy intellekt modelining keyingi avlodini chiqarish vaqtini ochiqlamadi.
Uning tushuntirishicha, dasturchilar beshinchi avlod sun’iy intellekt modelini nafaqat ochiq ma’lumotlar va Internetdagi hammaga ochiq ma’lumotlar to‘plamlari kombinatsiyasi, balki “OpenAI” bilan hamkorlik qiluvchi ko‘plab yirik IT-kompaniyalarning ichki ma’lumotlar bazalarida ham o‘rgatishadi.
“GPT-5” “GPT-4"ga qaraganda ancha rivojlangan bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, bu o‘zgarish shunchalik katta bo‘ladiki, hatto “OpenAI” rahbari ham yangi neyrotarmoq nimaga qodirligini oldindan aytib bera olmaydi.
Avvalroq, Altman o‘zining so‘nggi taqdimotida muloqot va aqliy tahlilda odamlar kabi yaxshi sun’iy intellekt yaratishga va’da bergan edi.
Avvalroq “OpenAI” “GPT-4 Turbo” flagman neyron tarmog‘ini taqdim etgani haqida xabar berilgandi.
Neyron tarmoq modeli ikkita versiyada taqdim etilib, birinchisi faqat matn tahlili uchun mo‘ljallangan, ikkinchisi tasvirlar kontekstini ham tushunadi.
Shuningdek, o‘zbekistonliklarga “ChatGPT"ga kirish huquqi berilgandi.
Kompaniya neyron tarmoqni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar va hududlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni qo‘shgan.
Endilikda neyron tarmoqdan O‘zbekistondagi aloqa operatorlari raqami bilan ro‘yxatdan o‘tish orqali foydalanish mumkin.
“OpenAI” “ChatGPT"ni 2022-yil noyabr oyi oxirida taqdim etdi. Dastlabki besh kun ichida chat-botda 1 mlndan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.
Neyron tarmoq allaqachon maktab o‘quvchilari va talabalari uchun imtihonlar va boshqa hujjatlarni yuqori sifatli yozish, shuningdek, AQSh universitetlariga kirish bilan mashhur bo‘ldi.