14-noyabr kuni Toshkentning ikkita tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, quyidagi hududlardagi iste’molchilarga elektr energiyasi vaqtincha yetkazib berilmaydi:
- Sergeli tumani — “Xonobodtepa” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 16:00gacha;
- Yashnobod tumani — “Arg‘in” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha.
Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.
Sentabr oyida energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi. 2026-yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi.
Yanvargacha Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tayyorlash rejalashtirilgan. 2026-yildan agentlik tomonidan elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tariflari hamda to‘lovlari miqdorlari tasdiqlanadi.
Kelasi yil oxirigacha O‘zbekistonda yagona elektr savdosi platformasi yaratiladi. 2035-yilgacha elektr energiyasini aholiga barcha hududlarda bir xil narxda sotish joriy etiladi.
Avvalroq 1-noyabrdan yirik maishiy elektr energiyasi iste’molchilari uchun to‘lovlar oshirilishi ma’lum qilingandi. Bunda, o‘zgarishlar faqat oyiga 1000 kVt/soatdan ortiq energiya ishlatadigan abonentlarga ta’sir qilib, bunda, 2−4 baravar oshirilgan narxlar qo‘llaniladi.
Shuningdek, noyabrdan iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilangan.