Namanganda Germaniya kompaniyasining vakolatxonasi ochiladi. Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi xabar bermoqda.
Viloyat to‘qimachilik sanoati vakillari delegatsiyasining Germaniyaga tashrif doirasida “Textima Export Import” kompaniyasi rahbari Xayke Xundertmarkt bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar Namanganda kompaniyaning vakolatxonasini ochishga kelishdi. Shuningdek, Namangan to‘qimachilik sanoati instituti bilan uch tomonlama memorandum imzolandi.
Bundan tashqari, To‘qimachilik texnoparkida Germaniya kompaniyasining “Tekstil kompaniyalari uskunalari Shou-rumi” tashkil etiladi.
“Textima” brendining yaratilish tarixi 1948-yilga to‘g‘ri keladi. Kompaniya dunyo bo‘ylab to‘qimachilik mashinalarini eksport qilish hamda ichki bozor ehtiyojlari uchun import qilish bilan shug‘ullangan.
Kompaniya tashkil etilganidan beri Berlinda joylashgan hamda Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Ukrainada 7ta vakolatxona va 2ta sho’ba korxonasi orqali keng tarqalgan.
To‘qimachilik mashinalari bilan bir qatorda, plastmassa va kauchukni qayta ishlash hamda farmatsevtika uchun mashinalar, zavodlar va uskunalar savdosi amalga oshiriladi.
Joriy yilning iyun oyida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekistonda to‘qimachilik va tikuvchilik dasturini ishga tushirgandi.