Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani onlayn olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Raqamli hukumat portali xabar berdi.

Endilikda mazkur xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Xizmatdan foydalanish uchun qidiruv tizimiga “Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish” kalit so‘zlarini kiritish kerak, undan keyin kerakli sahifa shakllanadi.

Ariza jo‘natish uchun portalda shaxsiy hisob bo‘lishi kerak. Agar u mavjud bo‘lmasa “Spot” qo‘llanmasi orqali shaxsiy sahifani ochish mumkin.

Shuningdek, portalda ariza holatini kuzatib turish imkoniyati mavjud. Xizmat 1 ish kunida ko‘rsatilib, guvohnomani qulay vaqtda pochta orqali olish mumkin.

Xizmatdan foydalanish pullik bo‘lib, portal orqali foydalanganda 10%lik chegirma taqdim etiladi — 44 550 so‘m (0,135 BHM). Pochta to‘lovi 25000 so‘mni tashkil etadi.

Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma uchun arizani havola orqali jo‘natish mumkin.

Xizmatdan endi dunyoga kelgan chaqaloqlar uchun birinchi marotaba guvohnoma olishda foydalaniladi. Boshqa holatlar uchun Yagona portalda tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma olishga ariza berish xizmati mavjud.


Avvalroq xorijliklarni O‘zbekistonga taklif qilish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishi ma’lum qilingandi. Bunda, pasport stolga bevosita murojaat qilish yoki Yagona portal orqali xizmatdan foydalanish mumkin bo‘ladi.