Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada ishlayotgan fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Agentlik mamlakatda ishlayotgan migrantlardan norasmiy kuryerlik xizmatlarida ishlamaslikni so‘ramoqda. Shuningdek, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni tekshirib ko‘rishga chaqirdi.
Bunga so‘nggi vaqtlarda Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar orasida Internetdagi e’lonlar orqali katta pul evaziga mahsulotni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish bo‘yicha muammolar yuzaga kelayotgani sabab bo‘lgan.
Murojaatlardan ma’lum bo‘lishicha, norasmiy kuryerlik xizmatlarida narkotik yoki ta’qiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish (zakladka) taklif qilinmoqda. Buning oqibatida esa politsiya xodimlari tomonidan fuqarolar ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
Rossiya qonunchiligida narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangani qayd etilgan xabarda.
Avvalroq agentlik Qozog‘istonda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijliklarning mamlakat chegarasida hujjatlarsiz yoki migratsiya qonunchiligini buzgan fuqarolarning tark etishi so‘ralgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.
Yil boshida Qozog‘iston xorijliklarning mamlakatga kirish va qolish qoidalarini o‘zgartirgandi. Hukumatning tegishli qaroriga asosan, xorijliklar mamlakat chegarasini kesib o‘tgan kundan boshlab, 30 kungacha bo‘lib turishi mumkin.
Biroq, umumiy bo‘lish muddati 180 kalendar kuni davomida 90 kalendar kunidan ko‘p bo‘lmasligi kerak, ya’ni fuqaro uzluksiz 90 kalendar kunidan ortiq Qozog‘istonda bo‘lib turish mumkin emas.
Ishlash maqsadida boryotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kun ichida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzgach, uni Xalqqa xizmat ko‘rsatish markazida ro‘yxatga kiritib, 3 oygacha bo‘lgan muddat uchun ishlash va yashash uchun ruxsatnoma olish yoki salohiyatli ish beruvchilar tomonidan kvota asosida ishga jalb qilish tartibi mavjud.
Avvalroq Janubiy Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning $170 mingdan ortiq pullari undirib berilgani haqida xabar berilgandi.