O‘zbekiston Ozarbayjon bilan innovatsion g‘oyalar va texnologik yechimlar almashinuvi bo‘yicha tahlil markazlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 14-noyabr kuni Bokuda vazir Laziz Qudratov bilan Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasi masalalarini muhokama qildi.
Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish vazifalari ko‘rib chiqildi. 2022-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2021-yilga nisbatan 53%ga, 2023-yilning yanvar-sentabr oylarida esa 36,4%ga o‘sgani ta’kidlandi.
Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga $1 mlrdga yetkazish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi faoliyatining amaliy masalalari muhokama qilindi. Jamg‘arma hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirish va rahbariyatni muddatidan oldin tayinlashga kelishildi.
Ikki davlat hududida suv tozalash inshootlari, turizm obyektlarini qurish, metall buyumlar va maishiy texnika, tibbiy asbob-uskunalar va buyumlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda to‘qimachilik klasterini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar batafsil ko‘rib chiqildi. Loyihalarni amalga oshirilishini tezlashtirish bo‘yicha umumiy pozitsiyalar va bosqichma-bosqich mexanizmlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, tomonlar, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va texnologik hamkorlikni, jumladan, innovatsion g‘oyalar va texnologik yechimlar almashinuvini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydigan tahlil markazlarini yaratish rejalarini ma’qulladi.
Muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni faol amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar va mas’ul rahbarlar belgilab olindi.
Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Ozarbayjon bilan ustav kapitali $500 mlnlik qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etishga kelishgandi. Iyulga kelib, tomonlar o‘rtasida qo‘shma investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Avgust oyida kompaniya yordamida metall buyumlar, farmatsevtika mahsulotlari, maishiy texnika va qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev bilan o‘tgan uchrashuvida O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi faoliyatini ta’minlash muhimligi qayd etildi.