Germaniyaning “Deutsche Bank” banki Namanganda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga mablag‘ yo‘naltiradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Germaniyaning yirik moliya sektori rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi.
Xususan, “Euler Hermes” kompaniyasi viloyat korxonalariga Germaniya banklari tomonidan imtiyozli kredit liniyalarini taqdim etish hamda eksportchi korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, kompaniya mutaxassislari tomonidan Namangan viloyatida biznes-seminar tashkil etiladi. Mazkur loyihalar bo‘yicha “Euler Hermes” ijrochi direktori Tomas Baum bilan kelishuvga erishildi.
Hamkorlik Namangan korxonalarini Yevropa bozoriga kirib borishiga hamda xalqaro tajriba asosida eksport sug‘urtasi bozori rivojlanishiga ta’sir qilishi ta’kidlangan.
“Deutsche Bank” ijrochi direktori Yorg Bongars bilan o‘tkazilgan muzokarada Namanganda amalga oshiriladigan loyihalar birma-bir ko‘rib chiqildi. Ularning umumiy qiymati $1 mlrdni tashkil etadi.
Tomonlar mazkur loyihalarni joriy qilish uchun jalb etiladigan kredit liniyalari hamda moliyaviy manbalar bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi.
Shuningdek, kelasi yilning bahorida Germaniya-Namangan biznes-forumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlar bilan shug‘ullanuvchi qo‘shma komissiya ish boshlagani qayd etildi.
Avvalroq Germaniyaning “Wehrhahn” kompaniyasi Namanganda gaza beton ishlab chiqarishga 40 mln yevro ajratishi ma’lum qilingandi. “BEL” kompaniyasi esa yopiq turdagi vertikal issiqxonalarni tashkil etishni rejalashtirmoqda.