Qozog‘iston Milliy banki raqamli tengeni test rejimida ishga tushirdi, deya xabar bermoqda “TACC” nashri.
Qozog‘iston moliyachilarining XI Kongressi doirasida raqamli tengening ishga tushirilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Milliy to‘lov korporatsiyasi raisi Binur Jalenov birinchi bo‘lib raqamli tenge bilan tranzaksiyani amalga oshirdi.
“Ushbu amalga oshirish Markaziy bankning raqamli valyutasidagi hisob raqamiga bog‘langan dunyodagi birinchi debet to‘lov kartasi ekanligini ta’kidlayman”, dedi mamlakat Milliy to‘lov korporatsiyasi raisi Binur Jalenov.
Unga ko‘ra, Qozog‘istonda mavjud to‘lov kartalari raqamli tenge platformasi bilan integratsiya qilinadi, bu esa undan “Apple Pay”, “Samsung Pay” va boshqa tizimlardan foydalangan holda istalgan mamlakatda to‘lov vositasi sifatida foydalanish imkonini beradi.
Qozog‘iston Milliy bankining aniqlik kiritishicha, raqamli tengedan foydalanish uchun xizmat ko‘rsatuvchi bankning mobil ilovasida raqamli hisob ochish zarur.
Jalenkov 2024-yilda Qozog‘iston respublika hamkorlari va moliya bozori ishtirokchilari bilan birgalikda platformaning keng ko‘lamli rivojlanishiga umid qilayotganini aytdi.
Avvalroq Qozog‘iston Milliy banki milliy valyutaning uchinchi shakli — raqamli tenge ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergan edi.
U qonuniy to‘lov vositasi sifatida umume’tirof etiladi va barcha klassik pulning funksiyalarini bajaradi.
Avvalroq “Spot” 1-apreldan Rossiyada raqamli rubl sinovdan o‘tkazilishi haqida yozgandi.
Rossiya Davlat dumasi raqamli rublni muomalaga kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi.
“Tayyorligini texnik jihatdan tasdiqlagan 13 ta bank pilot loyihada ishtirok etadi. Avvaliga jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari va savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarida to‘lovlar operatsiyalari amalga oshiriladi”, — dedi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Olga Skorobogatova.
Qayd etilishciha, qonun loyihalari Davlat Dumasiga 2022-yil 29-dekabrda kiritilgan.
Ikkala qonun loyihasi hammualliflari orasida Davlat Dumasining Moliya bozori qo‘mitasi raisi Anatoliy Aksakov, Budjet va moliya bozori qo‘mitasi raisi Anatoliy Artamonov va Federatsiya Kengashi Konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi bo‘yicha qo‘mitasi raisi Andrey Klishas bor.
Resursdan jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, ijro hokimiyati organlari foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov O‘zbekistonda raqamli valyutani joriy etishni tezlashtirishga hojat yo‘qligi haqida aytgandi.
Uning qayd etishicha, yaqin davrda raqamli valyutalar davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda qo‘llanilmaydi.