Xabar yangilandi: “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali Sergeli tumanidagi ayrim hududlarda ham elektr energiyasi o‘chirilishini ma’lum qildi.
15-noyabr kuni Toshkentning uchta tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, quyidagi hududlardagi iste’molchilarga elektr energiyasi vaqtincha yetkazib berilmaydi:
- Mirzo Ulug‘bek tumani — “Zakovat” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 15:00gacha;
- Chilonzor tumani — “Nafosat” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha.
Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.
Shu kuni soat 10:00dan 15:00gacha Sergeli tumanining “Xontepa”, “Xonobodtepa”, “Eshonbuloq”, “Sadoqat”, “Eski Jaloir”, “Ko‘hna qumariq”, “Ziyolilar”, “Nomdanak”, “Sultonobod”, “Izzatli” hamda “Kengmakon” MFYlaridagi iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berilmaydi.
Mazkur hududlarni elektr enrgiyasi bilan ta’minlovchi quvvati 35/10/6 kV bo‘lgan yuqori kuchlanishli “Sergeli” podstansiyasida mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Shuningdek, 14-noyabr kuni soat 09:00dan 15-noyabr kuni soat 14:00gacha Bektemir tumanining ayrim hududlarida elektr energiyasi vaqtinchalik o‘chirilishi ma’lum qilingandi.
35/10/6 kV bo‘lgan “Xlopkovaya” podsatansiyasidagi mavjud yuqori kuchlanishli elektr uzatish qurilmalarida ta’mirlash ishlari olib borilishi qayd etilgan. Tumanning elektr ta’minoti o‘chirilishi belgilangan hududlari — “Gulbog‘”, “Iyik ota”, “Zabardast” hamda “Ustozlar” MFYlarining ayrim ko’chalari.
Elektr tarmoqlarini qish mavsumiga tayyorlash bir necha oydan buyon davom etmoqda. Yoz boshida poytaxtda mavsumdagi eng yirik elektr o‘chirilishi sodir bo‘ldi: 8-iyun kuni sakkizta tumanda elektr energiyasi uzildi.