O‘zbekiston Qirg‘izistonga lizing asosida yo‘lovchi avtobuslarini yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qirg‘izistonning “Economist.kg” nashri xabar berdi.
Bu bo‘yicha, Turizm qo‘mitasi hamda Qirg‘iziston Turizmni rivojlantirish jamg‘armasi vakillari o‘rtasida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tomonlar Samarqandda ishlab chiqarilgan avtobuslarni yetkazib berish orqali O‘shdan O‘zbekiston chegarasigacha qo‘shimcha reyslarni tashkil etish masalasini muhokama qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Tokio-Toshkent-Bishkek qo‘shma reysini yo‘lga qo‘yishni ko‘rib chiqmoqda.
Bundan tashqari, tomonlar Andijon viloyatida joylashgan “Madaniyat” nazorat-o‘tkazish punktini obodonlashtirish, sayyohlarni paritet asosida ro‘yxatga olish muddatini uzaytirish masalalariga to‘xtaldi.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” Qirg‘izistonga yuk tashish uchun vagonlar yetkazib berishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar Toshkent-Baliqchi yo‘nalishi bo‘yicha mavsumiy yo‘lovchi poyezdlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.